Putin va Zelenskiy tez orada uchrashishi mumkin – Tramp (video)

Olam

image

Bugun, 8 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Anqarada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi hamda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi nizo va uni yakunlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan bir qator bayonotlar berdi.
 
Xususan, Donald Tramp Ukrainadagi nizoni tugatish “oson vazifa emas”ligini, chunki har ikki davlat rahbarlari “murakkab shahslar” ekanini aytgan.

“Ammo o‘ylaymanki, oxirgi ikki hafta ichida biz sezilarli darajada oldinga siljishga erishdik va voqealar rivoji qanday bo‘lishini kuzatamiz”, deydi u.

Amerika yetakchisining fikricha, Putin ham, Zelenskiy ham nizoning yakunlanishini xohlaydi. U shuningdek, bugun Rossiya rahbari bilan telefon orqali bog‘lanishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

“Men u (Putin) bilan ko‘p gaplashaman. Hozir biroz kamaygan, lekin munosabatlarimiz juda yaxshi”, deydi Oq uy rahbari.

Zelenskiy bilan uchrashuv davomida AQSH Prezidentidan Ukrainaga borish masalasida ham savol berilgan. U bunga ijobiy javob bergan.

“Men buni urush tugaganidan keyin qilishni afzal ko‘rgan bo‘lardim”, deydi u.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u “munosib vaqt kelganda” Ukrainaga tashrif buyurishga tayyor. Shundan so‘ng Tramp Zelenskiydan Moskvaga borish niyati bor-yo‘qligini so‘ragan.

“Bu murakkab masala, u yerda Ukraina dronlari uchib yuribdi. Bunday parvozlar xavfsiz emas. Balki Yevropada biror joy toparmiz, uchrashuv uchun biror makon belgilarmiz”, deya javob bergan Ukraina yetakchisi.

Shundan so‘ng, Tramp Rossiya va Ukraina Prezidentlari yaqin orada uchrashishi mumkinligini ham bayon qilgan.

“Putin va Zelenskiy uchrashishadi va qandaydir ijobiy yangilik yuz beradi. Men bu yaqin orada sodir bo‘ladi deb o‘ylayman va bunga umid qilaman”, deydi u jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqarada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazgani va Putin va Rossiya–Ukraina urushi haqida gapirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing