Putin va Zelenskiy Vengriyada uchrashishi mumkin
Olam
−
19 avgust 4467 1 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar Vengriyada o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda AQSH Prezidenti ma’muriyatidagi yuqori lavozimli manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, manba batafsil tafsilotlarni ochiqlamagan, faqat Rossiya tomoni hozircha bunday uchrashuvga rasmiy rozilik bergani haqida e’lon qilmaganini bildirgan.
Bundan tashqari, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron LCI telekanaliga bergan intervyusida Putin va Zelenskiy uchrashuvi uchun Shveysariyaning Jeneva shahrini tanlash tarafdori ekanini aytgan.
“Bu neytral davlat bo‘ladi, men Shveysariya – Jenevani ilgari surayapman yoki boshqa bir davlat”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti va Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvdan so‘ng Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan edi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ishtirok etib, Putin va Zelenskiy uchrashuvini yaqin ikki hafta ichida o‘tkazish rejalashtirilayotganini bildirgan.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban esa Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirish tarafdori bo‘lib, Ukrainaga harbiy yordam berishga qarshi chiqmoqda. Orban bungacha Moskvaga borib Putin bilan uchrashgan, shuningdek Kiyevga ham tashrif buyurib, Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazgandi.
Live
Barchasi