Putin va Tramp Yaqin Sharq borasida ham kelishib oldi
Olam
−
18 mart
10556Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushda tinchlik va o‘t ochishni to‘xtatish zarurati haqida suhbatlashgani xabar qilingandi. Mazkur muloqot bo‘yicha Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham bayonot berdi.
Uning bildirishicha, ikkala lider ham bu mojaroga barham berilishi va u barqaror tinchlik bilan yakunlanishi kerakligini ta’kidlagan. Ular, shuningdek, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash zarurligini qayd etgan. Ushbu urush davomida Ukraina va Rossiya tomonidan sarflanayotgan insoniy va moddiy resurslar o‘z xalqlari ehtiyojlariga yo‘naltirilishi lozimligi alohida ta’kidlangan.
“Bu mojaro umuman boshlanmasligi kerak edi va uzoq vaqt oldin chin dildan va samimiy tinchlik sa’y-harakatlari bilan yakunlanishi lozim edi. Liderlar tinchlik yo‘lida harakat qilish energiya va infratuzilma ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bilan boshlanishi, shuningdek, Qora dengizda harbiy harakatlarini to‘xtatish bo‘yicha texnik muzokaralar olib borilishi, to‘liq o‘t ochish to‘xtatilishi va doimiy tinchlik o‘rnatilishi lozimligi bo‘yicha kelishib oldilar”, deyiladi bayonotda.
Bildirilishicha, yetakchilar Yaqin Sharq mintaqasini kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun hamkorlik maydoni sifatida muhokama qilgan. Ular strategik qurollarning tarqalishini to‘xtatish zarurligini muhokama qilib, ushbu masalada keng qamrovli choralar ko‘rish uchun boshqa tomonlar bilan hamkorlik qilishga kelishib olgan. Ikkala lider ham Eron hech qachon Isroilni yo‘q qilish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi kerakligi haqidagi qarashni baham ko‘rgan.
Shuningdek, liderlar kelajakda AQSH va Rossiya o‘rtasidagi yaxshilangan ikki tomonlama munosabatlar ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lishini qayd etgan. Bunga katta iqtisodiy bitimlar va tinchlik o‘rnatilganidan so‘ng geosiyosiy barqarorlik ham kiradi.
LiveBarchasi