Putin va Tramp Malayziyaga keladi – Bosh vazir
Olam
−
13 Sentabr 6855 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp oktyabr oyida Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tadigan ASEAN sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ma’lum qildi.
Sammitda Xitoy Bosh vaziri Li Syan, Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva, Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa hamda boshqa yetakchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Iyul oyida Kuala-Lumpurda ASEAN'ga a’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham qatnashib, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan Ukraina atrofidagi vaziyat, shuningdek, Eron va Suriya masalalarini muhokama qilgan.
Lavrovning ta’kidlashicha, Rossiya va ASEAN o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy xavfsizlik sohasida kuchayib bormoqda va bu hamkorlik Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Kreml ham, Oq uy ham hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan.
Putin va Tramp oxirgi marta Rossiya–AQSH sammitida Alyaskada uchrashgan, undan avval esa bir necha bor telefon orqali suhbatlashgan.
Ma’lumot uchun, ASEAN sammiti Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining eng yirik yig‘ilishi bo‘lib, unda a’zo davlatlarning siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi. Tashkilot 1967 yilda tuzilgan va hozirda unga 10 ta davlat a’zo bo‘lgan. Sammit orqali savdo, energetika, ekologiya va raqamli texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik kuchaytiriladi. ASEAN sheriklari sifatida AQSH, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va Hindiston kabi davlatlar sammitda muntazam qatnashadi. Yig‘ilishlar, odatda, har yili ikki marta o‘tkaziladi va mezbonlik navbatma-navbat a’zolar zimmasida bo‘ladi. 2025 yilgi sammit Malayziyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Argumenti i Fakti” nashriga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari Donald Tramp o‘rtasidagi ikkinchi muzokara raundi yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tishi mumkinligini bildirgandi.
Live
Barchasi