Putin va Shols suhbati tafsilotlari ochiqlandi
Olam
−
15 noyabr
14191Avvalroq, Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oxiridan buyon birinchi bor telefon orqali muloqot qilgani xabar qilingandi. Ma’lum bo‘lishicha, Vladimir Putin va Olaf Shols muloqotda Rossiya-Ukraina urushini muhokama qilgan. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashilgan. Vladimir Putin urushga sabab sifatida NATOning yillar davomida olib borgan agressiv siyosatini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, kelajakdagi kelishuvlar Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha manfaatlarini hisobga olishi, yangi hududiy realliklarga asoslanishi va urushga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etishi zarur.
“Mojoroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish istiqbollari borasida Rossiya Prezidenti Moskvaning hech qachon muzokaralardan bosh tortmaganini va ularni qayta boshlashga ochiq ekanini ta’kidladi. Rossiyaning takliflari yaxshi ma’lum bo‘lib, ular, xususan, iyun oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi chiqishda aytib o‘tilgan edi”, deyiladi Kreml bayonotida.
Vladimir Putin va Olaf Shols Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni ham muhokama qilgan. Rossiya rahbari munosabatlarning barcha yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajada yomonlashganini qayd etgan va buni Germaniya hukumatining “nodo‘stona siyosati” oqibati deb atagan. Shu bilan birga, Moskva tomoni agar Germaniya tomonida qiziqish bo‘lsa, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan. Shuningdek, tomonlar Yaqin Sharqdagi mojaroni ham muhokama qilgan.
Germaniya hukumatiga ko‘ra, Olaf Shols Rossiyani Ukrainadagi qo‘shinlarini olib chiqishga va muzokaralarni boshlashga chaqirgan. Shuningdek, Shols Germaniya Ukrainani “zarurat tug‘ilgancha” qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi