Putin va Pezeshkiyon Suriyadagi keskinlikni muhokama qildi
Olam
−
02 dekabr
2503Eron tomoni tashabbusi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ikki Prezident Suriyadagi keskinlikni muhokama qildi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Suhbat davomida asosiy e’tibor Suriya Arab Respublikasidagi keskinlashgan vaziyatga qaratildi. Terrorchi guruhlar va jinoiy tuzilmalarning keng ko‘lamli hujumlari Suriya davlatining suvereniteti, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga putur yetkazishga qaratilgan harakat sifatida baholandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, tomonlar Suriya qonuniy hukumati tomonidan konstitutsiyaviy tartibni tiklash va mamlakat hududiy yaxlitligini saqlashga qaratilgan harakatlarni mutlaq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bundan tashqari, Prezidentlar Turkiya ishtirokidagi “Ostona formati” (Suriyadagi muammolar bo‘yicha muzokaralar jarayoni) doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishning muhimligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan haftada hukumatga qarshi qurolli guruhlar Suriyaning Idlib va Halab provinsiyalarida hujumlar boshlagandi. Terrorchilar bir qator aholi punktlarini tezda nazoratga olishga erishgan. Xususan, ular Halab shahrining muhim qismini, jumladan, markaziy tumanlarni nazorat qilayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, shahar aeroporti ham yopilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan telefon orqali suhbatlashib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan edi. Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan Suriya va G‘azo sektoridagi keskinlik bo‘yicha telefon orqali suhbat qilgandi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr