Putin va Lukashenko uchun spektakl: yadroviy qurollar sinovi qanday o‘tdi?

Olam

image
Putin Rossiya yadroviy triadasi mashqlariga start berdi north_east

Putin Rossiya yadroviy triadasi mashqlariga start berdi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko bugun, 19 fevral kuni Kremldan turib rus mudofasi tomonida o‘tkazilgan ballistik va qanotli raketalar sinovini kuzatdi. Bu haqda e’lon qilingan Kreml bayonida qayd etilishicha, sinov davomida raketalar shartli belgilarni aniq nishonga olgan. 

Prezident Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Putin va Lukashenko Kremldagi vaziyatlar markazidan turib, davra stoli atrofida harbiy mashg‘ulotlarni kuzatib borgan.

Mashg‘ulotlar avvalida Rossiya rahbariga hisobot bergan mamlakat Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning bildirishicha, harbiy mashg‘ulotlar “strategik hujumkor kuchlarning harakati davomida yadro qurollari va potensial xavfli qurollarni yagona nazorat tizimi orqali boshqarish” doirasida o‘tkazilgan. 

Shoyguga ko‘ra, mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun Rossiya Aerokosmik qo‘shinlari, Janubiy harbiy okrug, Strategik raketa qo‘shinlari, Shimoliy va Qora dengiz flotlarining kuch va vositalari jalb etilgan.

Mashg‘ulotlar yakunlari bo‘yicha Kreml e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Aerokosmik kuchlar “Kinjal” gipertovushli aeroballistik raketalarini, Shimoliy va Qora dengiz flotining kemalari va suv osti kemalari esa “Kalibr” qanotli raketalari hamda “Sirkon” gipertovushli raketalarini dengiz va yerdagi shartli nishonlarni yo‘q qilish uchun harakatga keltirgan. 

Bundan tashqari, Astraxan viloyatidagi Kapustin Yar poligonidan "Iskander" qanotli raketalar kompleksi hamda Kamchatkadagi Kura poligonidagi Plesetsk kosmodromidan "Yars" qit’alararo ballistik raketasi havoga ko‘tarilgan. 

Ma’lum qilinishicha, havoga ko‘tarilgan Tu-95MS uzoq masofasaga uchuvchi strategik qanotli raketalar kompleksi Kura va Pemboy poligonidagi shartli nishonlarga aniq tegib, ularni yo‘q qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Moskvaga kelgan Lukashenko Rossiya rahbari Putin bilan muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvda ular Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va mintaqada NATO agressiyasiga qarshi birgalikda chora ko‘rish haqida kelishib olishgan. Putin va Lukashenko G‘arbga qarshi javob tariqasida Rossiya va Belarus o‘rtasida yagona mudofaa makonini yaratish haqida ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Kreml Belarusga “Ittifoqchilar kelishuvi-2022” doirasida o‘z harbiylari va og‘ir artilleriyalarni yubora boshlagan. Hozirga qadar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun Belarus hududiga Rossiyaning 30 000 dan ortiq askarlari kiritilgani aytilmoqda.

Shuningdek, S-400 yer-havo raketa tizimlarining ikkita bataloni va 12 ta “Suxoy Su-35” qiruvchi samolyotlari mamlakat hududiga joylashtirilgan.

NATO ushbu harakatlarni Sovuq urush davridan buyon Belarus hududiga kiritilgan eng katta qo‘shin deya baholamoqda. Bildirilishicha, hozirda Rossiya ixtiyoriga o‘tgan Qrim, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarda 100 000 lab rus qo‘shinlari joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

435

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing