Putin va Erdo‘g‘an Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qilib, Yaqin Sharqdagi hozirgi inqirozli vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borayotgani va G‘azo sektorida gumanitar vaziyat yomonlashganidan xavotir bildirgan. Ular turar-joy binolari, diniy va ijtimoiy ob’ektlarga zarba berishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.

“Rossiya va Turkiyaning pozitsiyalari amalda mos kelishi va Isroil bilan tinchlik va xavfsizlikda birga yashaydigan mustaqil Falastinni yaratishni ko‘zda tutuvchi mashhur ikki davlat formulasini amalga oshirishga qaratilganligi ta’kidlandi”, deyiladi Kreml xabarida. 

Turkiya Prezidenti ma’muriyatining X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida aytilishicha, Erdo‘g‘an G‘arb davlatlarining sodir bo‘layotgan voqealar oldida jim turishi G‘azo sektoridagi gumanitar inqirozning yuqori darajasiga olib kelgan.

Shuningdek, Turkiya rahbari Anqara mintaqada osoyishtalikni ta’minlash uchun barcha zarur sa’y-harakatlarni davom ettirishiga ishontirgan.

Falastin-Isroil mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Yaqin Sharq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing