Putin va Erdo‘g‘an 15 kunda ikkinchi marta uchrashdi

Olam

image

Bugun, 19 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Berlinda Liviya masalasida o‘tkazilayotgan konferensiya doirasida o‘zaro uchrashdi.

Uchrashuvda Erdo‘g‘an Rossiya va Turkiya tashqi bosimga qaramasdan S-400 bo‘yicha kelishuvni muvaffaqiyatli yakunlaganini ta’kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida, Putin Rossiya va Turkiya Liviyada kurashuvchi tomonlarni yarashuvga chaqirib, yaxshi “qadam” tashlaganiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi mojaro ishtirokchilari bo‘lgan har ikki tomon ham chaqiruvga javob qaytargan va natijada keng ko‘lamli harbiy harakatlarning oldi olingan. 12 yanvardan boshlab Liviyada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirgan.

Shuningdek, Putin Moskvada Liviya bo‘yicha barcha muammolarga yechim topilmaganini, tomonlardan biri yarashuvga rozi bo‘lganini, ammo oldinga qarab harakat qilish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Putin va Erdo‘g‘an joriy yilning 8 yanvar kuni Istanbulda uchrashgandi. Ular uchrashuvda Liviya va Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilgandi. Ayni shu uchrashuvda Liviyada tomonlarni murosaga chaqirishga kelishib olingandi.

Turkiya va Rossiya Liviyadagi ikki asosiy kurashuvchi tomonlarni muzokara stoliga olib keldi. Unda Liviya Milliy birdamlik hukumati rahbari Faiz Sarroj va Liviya milliy armiyasi generali Xalifa Haftar yarashuv bitimini imzolashi kerak edi. Biroq Haftar Moskvani hech qanday hujjatni imzolamay tark etdi.

Liviyadagi vaziyat

2011 yilda Liviyada Muammar Qazzofi hokimiyatdan ag‘darilib, o‘zi o‘ldirilgach, mamlakatda siyosiy inqiroz boshlangan. Liviyada hozirgacha qo‘shhokimiyatchilik hukm suradi. Amalda davlatchilik yo‘q.

Sharqda saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lsa, Tripoli va g‘arbni BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati boshqaradi.

Sharqdagi hukmron doiralar rasmiy Tripolidan mustaqil va LMA qo‘mondoni Xalifa Haftar bilan hamkorlik qiladi. Haftar kuchlari 2019 yilning aprelida poytaxt Tripolini egallash uchun harbiy harakatlarni boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Liviya

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing