Putin urushni hozirgi front chizig‘ida to‘xtatishni taklif qildi – OAV
Olam
−
23 aprel 8089 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan to‘qnashuvni hozirgi front chizig‘i bo‘yicha to‘xtatishni taklif qildi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Nashrning vaziyatdan xabardor manbalariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan tinchlik kelishuviga erishish yo‘lida harbiy harakatlarni hozirgi chiziqda to‘xtatishni taklif qilgan.
Xabarda aytilishicha, joriy yil aprel oyi boshida Sankt-Peterburgda Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashuvda Vladimir Putin Moskva Kiyev nazorati ostida qolayotgan to‘rtta hududdagi da’volardan voz kechishga tayyorligini bildirgan. U faqat Rossiya hozirda nazorat qilayotgan hududlarni o‘zida saqlab qolishni taklif qilgan.
Biroq FT manbalarining ta’kidlashicha, agar AQSH Rossiyaning Kremldagi asosiy geosiyosiy talablariga rozi bo‘lsa, Rossiya Prezidenti Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarida to‘liq nazorat o‘rnatish talabidan voz kechishga tayyor. Masalan, AQSH Qrim ustidan Rossiya nazoratini tan olsa va Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa.
“Murakkab ish olib borilmoqda. Biz amerikaliklar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Bu ish qiyin va ko‘p vaqt talab qiladi, shuning uchun darhol natijalarni kutish mushkul. Bundan tashqari, bu muzokaralarni ochiq olib borib bo‘lmaydi”, deydi Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida 30 aprelgacha kelishuvga erishishni istamoqda. Bu orqali u prezidentlik faoliyatining dastlabki 100 kunida tinchlik o‘rnatish missiyasini amalga oshirganini e’lon qilmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml Rossiya jamiyatini uzoq muddatli militarizatsiyaga va NATO bilan ehtimoliy mojaroga tayyorlanayotgani hamda mazkur jarayonda Ukraina bosqinini oqlash uchun ilgari qo‘llanilgan narrativlar yana ishga solinayotgani xabar qilingan edi. Xususan, Rossiya amaldorlari va targ‘ibotchilari tomonidan ilgari Ukraina bilan bog‘lanib aytilgan “natsizm” ayblovlari endi nafaqat Kiyevga, balki Yevropa davlatlariga ham tobora ko‘proq qaratilmoqda.