Putin urush qatnashchilariga qarzlarni to‘lash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Olam
−
12:16
55902024 yil 1 dekabrdan Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzadigan Ukrainadagi urush qatnashchilariga muddati o‘tgan qarzlar to‘lab beriladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimr Putin kecha, 23 noyabr kuni tegishli qonunni imzoladi.
Yangi qonun urushga safarbar qilinganlar, Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilgan va 2024 yil 1 dekabrgacha bir yil yoki undan ko‘proq muddatga shartnoma tuzgan harbiylarga tegishli.
Unga ko‘ra, qarz o‘n million rubldan oshmasligi kerak. Aks holda, ijro ishi to‘xtatiladi. Agar qarzdor vafot etgan bo‘lsa yoki sud uni nogiron deb topgan bo‘lsa, u holda ham qarzlar to‘lab berilmaydi.
Qonunda, shuningdek, askarlar va ularning oila a’zolari uchun kredit ta’tili ham uzaytirilishi nazarda tutilgan. Muddati o‘tgan qarzni qaytarish bo‘yicha ijro protsessini qayta tiklash muddati ham 180 kunga uzaytirilgan.
Shuningdek, endi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzuvchilar 65 yoshga to‘lgunga qadar armiya safidan chiqib ketolmasligi ham belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bloomberg” nashri Ukrainaga qarshi urushda askarlar yetishmovchiligi kuchayib borayotgani sababli Rossiya 2024 yilning oxirigacha harbiy safarbarlik e’lon qilishi kutilayotgani haqida yozgandi. Vladimir Putin 2022 yil sentyabrida 300 ming qo‘shinni safarbar qilish to‘g‘risida buyruq bergan, bu esa rossiyaliklar orasida urush xavotirining kuchayishiga va bir millionga yaqin odamning ommaviy chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. Bunday tajribani takrorlamaslikka urinib, Kreml vatanparvarlikka chaqirish va har oy saflarni to‘ldirish uchun zarur bo‘lgan 30 ming yangi askarni ta’minlash uchun pul taklif qilishga e’tibor qaratgan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi