Putin Ukrainadagi urushni tugatishni istayapti – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha kelishuv tuzishni istashini aytdi. Bu haqda Tramp kecha, 9 sentyabr kuni jurnalistlarga Putin bilan hafta boshida o‘tkazgan telefon suhbati haqida gapirayotganida ma’lum qildi.

“U kelishuv tuzishni xohlayapti. Agar Zelenskiy ham kelishuv istasa, bu juda yaxshi bo‘lar edi”, degan Tramp.

AQSH Prezidenti Putin bilan 9 sentyabr kuni telefon orqali muloqot qilgan. Bu suhbat Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning kuyovi Jared Kushnerning Moskva hamda Kiyevga diplomatik tashrifidan qaytganidan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tgan.

Uitkoff va Kushner AQSH nomidan urushni yakunlashga qaratilgan asosiy tinchlik muzokaralarida ishtirok etmoqda. Tomonlar mojaroni tugatish bo‘yicha ehtimoliy takliflarni muhokama qilgan.

Shunga qaramay, AQSH, Ukraina va Yevropadagi razvedka rasmiylari Putin urushni haqiqatan ham tugatishdan manfaatdor ekaniga hanuz shubha bilan qaramoqda.

Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi munosabatlar ham muzokaralarga to‘sqinlik qilayotganini aytgan.

“To‘siq — bir-biridan nafratlanadigan ikki inson”, degan Tramp Putin va Zelenskiyni nazarda tutib.

Uning ta’kidlashicha, “har qanday boshqa narsadan ko‘ra ko‘proq” aynan ikki davlat rahbarining bir-biriga nisbatan munosabati urushni yakunlash jarayonini qiyinlashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff ham Moskvada Rossiya razvedka idoralari vakillari bilan uchrashgandi. Ushbu muloqotda Rossiya rasmiylarini Ukrainaga qarshi urushni yakunlashga undash masalasi ham muhokama qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing