Putin Trampning odami bilan 5 soat gaplashdi (video)
Olam
−
03 dekabr 6693 2 daqiqa
Kecha, 2 dekabr kuni Kreml saroyida Moskva va Vashington o‘rtasida Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda RBK xabar berdi.
OAVga ko‘ra, uchrashuv deyarli besh soat davom etgan va 3 dekabr kuni Moskva vaqti bilan 00:30 da yakunlangan.
Rossiya tomonidan muzokaralarda Prezident Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va Prezidentning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etdi.
AQSH tomoniga Prezident Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner vakillik qilgan.
Uchrashuv chog‘ida AQSH elchilari Putinga Ukraina bilan bo‘lgan muzokaralardan so‘ng yangilangan Vashingtonning tinchlik rejasini taqdim etgan.
Muzokaralardan keyin Stiv Uitkoff AQSH elchixonasiga borgan. U matbuotga izoh bermagan. Kirill Dmitriyev esa ijtimoiy tarmoqda “samarali” degan yozuvni qoldirgan xolos.
Keyinchalik Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov muzokaralarning tafsilotlarini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Putin va AQSH vakillari Kremlda “juda foydali, konstruktiv va mazmunli” uchrashuv o‘tkazgan, u deyarli besh soat davom etgan.
“Biz tabiiyki, amerikalik hamkorlar bilan ular bir muddat avval Moskvaga topshirgan hujjatlar, loyihalar mazmunini muhokama qildik, ularga birma-bir e’tibor qaratdik”, degan Ushakov.
Unga ko‘ra, AQSHning dastlabki tinchlik rejasidan tashqari Moskva yana to‘rt xil hujjat olgan.
Ushakovning ta’kidlashicha, tomonlar aniq matnlar yoki formulirovkalarni emas, balki hujjatlardagi asosiy mazmunni muhokama qilgan.
“Ba’zi takliflar bilan rozi bo‘lishimiz mumkinligini Prezident amerikalik suhbatdoshlariga bildirdi. Ba’zilariga esa tanqidiy, hatto salbiy munosabat bildirildi”, degan Ushakov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuvda “mojaroni hal etish mumkin bo‘lmagan hududiy masalalar” ham aniq muhokama qilingan.
“Hozirgacha muvofiqlashtirilgan yakuniy qaror topilmadi, lekin ayrim takliflar umumiy jihatdan qabul qilib bo‘ladigan ko‘rinishga ega. Ularni yana batafsil muhokama qilish kerak. Ba’zilari esa bizga mos emas. Ish davom etadi”, deya qo‘shimcha qilgan Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin Stiv Uitkoff orqali Donald Trampga “do‘stona salom” va bir qator muhim siyosiy signallar yetkazgan. Shuningdek, Rossiya va AQSH muzokaralar mazmunini oshkor qilmaslikka kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Parijga borgandi. Tashrif AQSH boshchiligida olib borilayotgan tinchlik muzokaralari fonida amalga oshgan.
Live
Barchasi