Putin Toshkentga kelganida qayerlarga borishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, QALAMPIR.UZ tahririyati o‘z manbalariga tayanib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 26 may kuni O‘zbekistonga kelayotgani haqida xabar bergan edi. Ushbu ma’lumot Rossiya tomonidan tasdiqlandi. 

Tahririyatimizga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Putin Toshkentning Olmazor tumanidagi G‘alaba bog‘iga borib, u yerda Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlaydi. 

Shuningdek, davlat rahbari Hazrati imom majmuasining yonginasida asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiya milliarderi Alisher Usmonov mablag‘lari bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini borib ko‘radi. 

Ayni vaqtda butun poytaxt bo‘ylab Putinning tashrifiga tayyorgarlik avjida. Xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan. Putin borishi kerak bo‘lgan manzillarga eltuvchi yo‘llarga asfalt yotqizilib, yo‘l belgilari chizilmoqda, gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi atrofidagi uylar ham ta’mirlanmoqda. 

Poytaxt hokimligi 20 may kuni Toshkent shahridagi keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari doirasida Qorasaroy va Nurafshon ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi bilan kesishmasigacha;

Kichik halqa avtomobil yo‘li Nurafshon ko‘chasi bilan kesishmasidan Qorasaroy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan ko‘chalar vaqtincha yopilishi haqida ma’lumot bergandi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Telefon suhbati haqida ikki davlat rahbarlari matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham tashrif borasida so‘z bormagan. 

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi bor joriy yilning 8-9 may kunlari amaliy tashrif bilan Rossiyada bo‘lgan edi. So‘nggi rasmiy tashrifni esa 2023 yilning 5-7 oktyabr kunlari amalga oshirgan. O‘shanda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berilishiga start berilgan.

Vladimir Putin esa oxirgi marta O‘zbekistonga 2022 yilning 15 sentyabr kuni kelgan edi. O‘shanda ushbu tashrif ham amaliy (SHHT sammiti doirasida), ham rasmiy ko‘rinish kasb etgandi. Prezidentlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan. 

Ma’lumot uchun, 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Rossiya Prezidenti saylovida ishtirok etgan Putin 87,28 foiz ovoz olib, g‘alaba qildi va yana olti yil – 2030 yilgacha taxtni egalladi. Inauguratsiya marosimidan keyin ilk tashrifni Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan Putin, ikkinchi manzil o‘laroq O‘zbekistonni tanladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made