Putin tinchlikni asrashning asosiy omili nima ekanini aytdi
Olam
−
08 noyabr 2023
9223Rossiya Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini (MDH) Yevroosiyoda barqarorlikni saqlashning ajralmas elementi deb biladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonga tashrifi arafasida “Kazaxstanskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini keng Yevroosiyo makonida tinchlik va barqarorlikni saqlashning ajralmas elementi deb bilamiz”, deydi Rossiya rahbari.
2024 yilda Rossiya MDHga raislik qilishini eslatib, Putin, Moskvaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatorida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi aloqalarni, shuningdek, Yevroosiyo integratsiya jarayonlarini birlashtirishni qayd etgan.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Iqtisodiy barqarorlik nuqtayi nazaridan Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga asosiy rol yuklangan.
“Hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda texnologik suverenitetni ta’minlash, mustaqil moliyaviy infratuzilmani yaratish, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini oshirishga e’tibor qaratilmoqda”, deydi Rossiya Prezidenti.
Rossiya Federatsiyasi Qozog‘iston bilan birgalikda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) doirasida mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
“Ushbu tashkilot oldida turgan vazifalarni hal etish, xususan, a’zo davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash samaradorligini KXSHT Qozog‘istonda ichki siyosiy barqarorlikni saqlashga salmoqli hissa qo‘shgan 2022 yil yanvaridagi voqealarda yaqqol namoyon bo‘ldi”, deydi Putin.
Uning bildirishicha, kelasi yil tashkilotga davriy raislik Qozog‘istonga o‘tadi.
“Ishonchim komilki, qozog‘istonlik hamkorlarning tashabbuslari KXSHT salohiyatini mustahkamlaydi va uning imkoniyatlarini barcha a’zo davlatlar manfaatlari yo‘lida yaxshilashga yordam beradi”, deydi Rossiya rahbari.
Ma’lumot uchun, 1992 yil 15 mayda Toshkentda Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi bilan KXSHTga asos solingan. 2012 yil 28 iyun kuni rasmiy Toshkent O‘zbekistonning KXSHTga a’zoligi to‘xtatilgani to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan nota yuborgan, o‘sha yilning 19 dekabrida O‘zbekistonning KXSHTdagi ishtiroki rasman to‘xtatilgan. Hozirda unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a’zo hisoblanadi. KXSHTga a’zo bo‘lgan mamlakatlar aholisi 193 835 249 kishi (2021), tinchlikparvar kuchlar esa 3600 kishini (2022) tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 9 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga keladi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15