“Putin tepkini bugun yo ertaga bosishi mumkin”. NATO Rossiyaning Ukrainaga tajovuz qilmasligiga ishonmayapti
Olam
−
16 fevral 2022
13115So‘nggi paytlarda, Yevropa mintaqasini tahlika ostida qoldirayotgan, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi vaziyat kecha, 15 fevral kuni Kremlning o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan chegaradan ortga qaytarayotgani haqidagi xabaridan keyin biroz yumshagandek tuyulgan edi.
Ammo, Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari AQSH va NATO Rossiyaning kechagi bayonotiga ishonchsizlik bildirmoqda. Bugun, 16 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyadan qo‘shinlari rostdan ham ortga qaytarilayotgani haqida dalil taqdim etishini talab qilgan.
Bosh kotibga ko‘ra, Moskva Ukraina bilan chegara hudularda qo‘shinlari sonini kamaytirish o‘rniga ularni yanada ko‘paytirmoqda.
“Rossiya qo‘shinlarini kamaytirayotgani haqida dalil bo‘lishi kerak… Biz Rossiya qo‘shinlari sonini kamaytirish o‘rniga, ularni yana ham ko‘paytirayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Qo‘shinlarning qolgan qismi hozir yo‘lda, ular chegara tomon kelmoqda”, degan NATO rahbari.
Boshqa tomondan, urush nafasi esa boshlagandan buyon Ukrainani qo‘llab kelayotgan uning yana bir yaqin ittifoqchisi AQSH ham Rossiyadan harbiylar otrga qaytarilayotgani haqida isbot talab qilgan.
“Afsuski, Rossiyaning aytayotgan so‘zlari va qilayotgan amallari orasida katta farq bor. Biz qo‘shinlar ortga qaytayotganini payqamayapmiz”, degan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Oq uyda bo‘lib o‘tgan anjuman davomida.
“Aksincha, biz kuchlarning, ayniqsa, Ukrainaga qarshi har qanday yangi tajovuzning boshida turadigan kuchlarning chegara bo‘ylab to‘planishda davom etayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Biz hujum istalgan vaqtda boshlanishi mumkinligi haqida aytgan edik. Prezident Putin juda qisqa vaqt ichida harakatni boshlashga shay turibdi. U tepkini bugunoq yoki ertaga bosishi mumkin. Agar u Ukrainaga qarshi tajovuzni qayta boshlamoqchi bo‘lsa, kuchlar u yerda shay turibdi”, degan Stoltenberg.
AQSH vakili vaziyatga diplomatik yo‘l bilan yechim topish mumkinligi haqida ma’lum qilib, “to‘p endi Rossiya maydonida” ekanini bildirgan.
NATOning qayd etishicha, Rossiya “deeskalatsiya” haqida elon qilayotgan bo‘lsa-da, hozircha chegaradagi harbiylar soni sezilarni darajada qisqarmagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya-Ukraina chegarasi bo‘ylab 130 000 atrofida rus qo‘shinlari to‘plangan.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning Twitter’da yozishicha, “Rossiya G‘arbga “turli signallar”ni yubormoqda. Chunki Britaniya razvedkasining ma’lum qilishicha, rus armiyasi chegara bo‘ylab harbiy gospitallar qurmoqda. Bu esa urush bo‘lishiga yaqqol dalil”.
Eslatib o‘tamiz, 15 fevralga kelib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova G‘arbning taxminlari puch bo‘lib chiqqanini aytib, 15 fevral G‘arbning urush targ‘iboti barbod bo‘lgan kun sifatida tarix kirishini ma’lum qildi.
Rossiyaning Irlandiyadagi elchisi Yuriy Filatov esa Rossiya g‘arbidagi qurolli kuchlar konfiguratsiyasi uch-to‘rt hafta ichida normal holatga qaytishini aytmoqda. Filatovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlar aynan qayerdan olib chiqilishi va Ukraina chegarasidan qanchalik uzoqqa ketishi Rossiyaning ixtiyorida.
LiveBarchasi