Rossiya qo‘shinlari odatdagi pozitsiyaga qachon qaytishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
16 fevral 2022
8142Rossiya g‘arbidagi qurolli kuchlar konfiguratsiyasi uch-to‘rt hafta ichida normal holatga qaytishi mumkin. Bu haqda TASS Rossiyaning Irlandiyadagi elchisi Yuriy Filatovga asoslanib ma’lum qildi.
"Sizga shuni ayta olamanki, ehtimol, uch-to‘rt hafta ichida Rossiyaning g‘arbiy mintaqasidagi kuchlar konfiguratsiyasi odatdagidek, standart holatga qaytadi. Hozir biz Belarus Qurolli Kuchlari bilan rejali mashg‘ulotlar o‘tkazmoqdamiz”, degan diplomat intervyularining birida.
Filatovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlar aynan qayerdan olib chiqilishi va Ukraina chegarasidan qanchalik uzoqqa ketishi Rossiyaning ixtiyorida.
“Ular Rossiya hududi bo‘ylab harakatlanmoqda. Ular aynan borishlari kerak bo‘lgan joyga boradi. Bu boshqa birovning ishi emas”, deydi diplomat.
U G‘arbda Rossiya Yevropani beqarorlashtirishga urinayotgani, jumladan, energiya resurslaridan foydalangani haqidagi da’volarni tashviqot deb atadi.
“Albatta, Moskvada Yevropani beqarorlashtirish bo‘yicha hech qanday dahshatli reja yo‘q, chunki biz hammamiz Yevropada yashaymiz va barchamiz Yevropaning barqaror bo‘lishini xohlaymiz. Biz Yevropa davlatlari, jumladan, Irlandiya bilan juda yaxshi munosabatlarga egamiz va bunday narsalarni taxmin qilishning o‘zi kulgili. Gazga kelsak, bu qishda biz shartnoma majburiyatlari orqali Yevropaga gaz yetkazib berish hajmini oshirdik. Men buni gazdan qurol sifatida foydalanish deb ta’riflay olmayman”, deydi diplomat.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bu kabi bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukrainaning janubi-sharqidagi inqirozni kuch ishlatish bilan hal qilishga urinish eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Yanvar oyi oxirida axborot maydonida “Rossiya bosqinining ehtimoli borligi” haqidagi xabarlar paydo bo‘la boshlaganidan keyin Ukraina iqtisodiyoti ancha zarar ko‘rdi.
LiveBarchasi