Putin Stalinning qarorini tiklamoqchi
Olam
−
01 iyun 2022
39291Rossiya hukumati sovet davrida mavjud bo‘lgan “Qahramon ona” faxriy unvonini qayta tiklash, shuningdek, bu mukofotni qo‘lga kiritgan ayollar uchun 1 million rubl miqdorida bir martalik to‘lovni belgilash niyatida. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Ota-ona faxri” ordeni bilan taqdirlangan ko‘p bolali oilalar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Davlat rahbari may oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Davlat kengashi Prezidiumi yig‘ilishi yakunlari haqida gapirar ekan, Rossiya hukumati “Ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qoidalarini jiddiy yangilash va kengaytirishga kelishib olganini ta’kidladi.
“Jumladan, men buni alohida ta’kidlamoqchiman – Sovet davridagidek, “Qahramon ona” faxriy unvonini qaytarishni xohlayman”, dedi Putin.
Uning qayd etishicha, "Qahramon ona" faxriy unvoni bilan taqdirlanadigan onalarga bir million rubl miqdorida bir martalik nafaqa to‘lanadi.
Davlat kengashi Prezidiumining so‘nggi yig‘ilishida Moskvadagi ko‘p bolali oilalar hududiy jamoat tashkiloti raisi Natalya Karpovich Rossiyada “Qahramon ona” unvonini qayta tiklashni taklif qilgandi. Keyinchalik, xuddi shu fikrni Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova qo‘llab-quvvatladi. U ko‘plab sovet oilalarida bunday medal borligini aytdi. Xususan, Golikovaning qo‘shimcha qilishicha, uning ikkala buvisi ham shunday mukofotga sazovor bo‘lgan va u bilan doimo faxrlanishgan.
“Qahramon ona” medali Iosif Stalin davrida SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944 yil 8 iyuldagi qarori bilan ta’sis etilgan. “Qahramon ona” unvoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, orden 10 va undan ortiq bola tug‘gan va tarbiyalagan onalarga berilgan.
"Qahramon ona" unvoni Sovet Ittifoqining eng yuqori darajasi bo‘lib, bolalar tug‘ilishi va tarbiyasidagi xizmatlari uchun ayollarga berilar edi. E’tiborlisi, bu unvon millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi yillarida ta’sis etilgan. Frontlarda halok bo‘lgan erkaklarning aksariyati yoshlar va o‘rta yoshlilar edi. Mamlakat aholisi sezilarli darajada kamaydi. “Qahramon ona” unvoni va shu nomdagi ordenning kiritilishi mamlakatga o‘sha davrda yoshlar, kommunizm quruvchilarining yangi avlodi naqadar zarur ekanligini ko‘rsatdi.
"Qahramon ona" faxriy unvoni birinchi marta SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944 yil 27 oktyabrdagi Farmoni bilan berilgan. Mazkur Farmon bilan “Qahramon ona” unvoni bilan taqdirlangan o‘n to‘rt nafar ayol orasida 1-sonli “Qahramon ona” ordeni va SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1-sonli diplomi 12 bolani tarbiyalagan Moskva viloyati, Mamontovka qishlog‘idan rezident Aleksaxina Anna Savelevna taqdirlandi. Mukofot unga 1944 yil 1 noyabrda Kremlda topshirilgan.
SSSR tarixida oxirgi marta "Qahramon ona" unvonini berish SSSR Prezidentining 1991 yil 14 noyabrdagi farmoniga muvofiq amalga oshirildi.
1995 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 431 mingga yaqin ayol “Qahramon ona” ordeni bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi