Putin SSSRning parchalanishini fojia deb atadi
Olam
−
13 dekabr 2021
12588Rossiya Prezidenti Vladimir Putin SSSRning parchalanishini fojia, tarixiy Rossiyaning qulashi sifatida qabul qilishini aytdi. Davlat rahbarining bunday bahosi “Rossiya-1” telekanali efirida “Rossiya. Yaqin tarix” filmida yangragan.
“Bu mamlakat fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi uchun fojia. Axir, Sovet Ittifoqining qulashi nima? Bu Sovet Ittifoqi nomi ostidagi tarixiy Rossiyaning parchalanishi”, degan Putin.
U mamlakat o‘z hududining 40 foizini, ishlab chiqarish quvvati va aholisini yo‘qotganini eslagan.
“Biz butunlay boshqa davlatga aylandik. Ming yil davomida to‘plangan narsa esa katta darajada yo‘qoldi”, deya qo‘shimcha qilgan Putin.
Davlat rahbari Ittifoq parchalanishi bilan “25 million rus xalqi birdaniga xorijda, mustaqillik va suverenitetni qo‘lga kiritgan sobiq SSSR Respublikalarida qolganini” ta’kidlagan.
“Ular (Respublikalar) uchun bu yaxshi, lekin xorijga ixtiyoriy ravishda chiqmagan odamlar uchun bu, albatta, yomon. Ularning qaytishi, yaqinlari bilan uchrashishi mumkin emas edi. Na ish joyi, na yashash joyi bor edi. Bu hech qanday mubolag‘asiz, buyuk insonparvarlik fojiasi”, deya tushuntirgan Putin.
SSSR parchalanishining eng mashhur bahosini Putin 2005 yilda Federal Assambleyaga havola qilgan. O‘shanda Prezident buni XX asrning eng katta geosiyosiy falokati deb atagan.
2015 yilda esa Putin Sovet Ittifoqi parchalanishi natijasida “rus xalqi dunyodagi eng ko‘p bo‘lingan xalqqa aylanganini” aytgan.
Ma’lumot o‘rnida, 1991 yil 8 dekabrda Rossiya (Boris Yelsin), Ukraina (Leonid Kravchuk) va Belarus (Stanislav Shushkevich) rahbarlari “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan. Hujjatda “SSSR xalqaro huquq va geosiyosiy voqelikning sub’ekti sifatida o‘z faoliyatini to‘xtatishi” aytilgan.
LiveBarchasi