Putin Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilayotganiga munosabat bildirdi
Olam
−
30 iyun 2022
28416Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi Rossiya uchun bevosita xavf tug‘dirmaydi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kecha, 29 iyun kuni Ashxobodda tashkil etilgan Kaspiy bo‘yi davlatlari rahbarlarining 6-sammiti yakunlangach, jurnalistlar bilan muloqotda aytib o‘tdi.
“Rossiyaning Finlyandiya va Shvetsiya bilan muammosi yo‘q, ularning NATOga kirishi darhol xavf tug‘dirmaydi”, deydi Putin.
Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishiga izoh berar ekan, Putin shunday dedi:
“Rossiyaning Shvetsiya va Finlyandiya bilan hech qanday muammosi yo‘q, shuning uchun ham shu ma’noda NATOning bu davlatlar hisobiga kengayishi bevosita xavf tug‘dirmaydi. Bu mintaqa hududida harbiy infratuzilmani kengaytirish, albatta, bizning javobimizga sabab bo‘ladi”, deydi Rossiya rahbari.
Rossiyaning Ukraina bilan muammolari borligini qayd etgan Putin, Ukraina bilan bog‘liq vaziyat butunlay boshqachaligini urg‘uladi.
“Finlyandiya va Shvetsiyada bunday narsa yo‘q. Bu butunlay boshqacha vaziyat. Shvetsiya va Finlyandiya istasa, NATOga a’zo bo‘lishlari mumkin”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 iyun kuni Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammitida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari Shvetsiya va Finlyandiyani alyansga taklif qilishga qaror qildilar va bu davlatlarning harbiy-siyosiy blokga kirishi bo‘yicha protokollarni imzolashga kelishib oldilar.
Shuningdek, tashkilotning 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi konsepsiyasida Rossiya NATOga "eng muhim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri" tahdid deb e’tirof etildi.
Qolaversa, alyans Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishini NATO qadriyatlariga zid deb hisoblaydi.
Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasidagi kelishuv
Joriy yilning 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.
Ushbu kelishuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Twitter'dagi sahifasiga Finlyandiya Prezidenti va Shvetsiya Bosh vaziri bilan tushgan suratini joylashtirib, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiyani o‘zaro muloqotning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi.
LiveBarchasi