Putin saylov e’lon qilinishidan oldin frontda muvaffaqiyat ko‘rsatmoqchi – Zelenskiy
Olam
−
15 noyabr 2023
5442Rossiya rahbari Vladimir Putin mamlakatidagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini e’lon qilishdan oldin frontda qandaydir natijalarni namoyish etishga intilmoqda. Bu haqdagi fikrni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning 629-kunidan keyingi murojaatida aytib o‘tdi.
“Donetskda Rossiyaning juda kuchli hujumlari bo‘lmoqda. Biz tushunib olishimiz kerakki, Putin hozirda juda beadab va aniq siyosiy maqsadni qo‘ygan, u o‘z xalqini o‘ldirishga tayyor. Chunki, u dekabr oyining birinchi yarmida hech bo‘lmaganda qandaydir taktik natija ko‘rsatmoqchi”, deydi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Avdeyevka yaqinida, xususan, Baxmutda tezroq va katta miqyosda askarlarini hamda texnikasini yo‘qotmoqda.
“Bu hujumga dosh berish juda qiyin. Har bir askarimiz o‘rnini egallab, u yerda jangovar topshiriqlarni bajarayotgani biz uchun cheksiz minnatdorlikka loyiqdir”, deydi Ukraina Prezidenti.
Aytish kerakki, Avdeyevka yo‘nalishi frontdagi eng issiq yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Rossiyalik askarlar aviatsiya ko‘magida shaharga bostirib kirib, uni o‘rab olishga harakat qilmoqda, ammo Ukraina Qurolli kuchlari chiziqni ushlab turishibdi.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning iddao qilishicha, Rossiya Avdeyevkaga faol hujum qilgan oy davomida 10 ming kishini yo‘qotgan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada prezidentlik saylovi 2024 yilning martiga belgilangan. Saylovning aniq sanasi hali aniqlanmagan, bu Federatsiya Kengashi tomonidan dekabr oyining o‘rtalarida amalga oshirilishi kerak.
Amaldagi Prezident Vladimir Putin yana bir muddatga o‘z nomzodini qo‘yish niyati haqida hali ma’lum qilgani yo‘q.
Rossiya Prezidenti ma’muriyatiga yaqin ikki manbaning “Meduza” nashriga aytishicha, Vladimir Putinning yangi prezidentlik kampaniyasidagi asosiy mavzulardan biri urush emas, balki tashqi siyosatga urg‘u berish bo‘ladi.
LiveBarchasi