Putin rus gazini Yevropaga sotish uchun Turkiyadan foydalanmoqchi

Olam

image

Rossiya “Shimoliy oqim”dan yuborilgan gazni Qora dengizga, Turkiya orqali Yevropaga yetkazib berishga tayyor, agarda sheriklar bunga qiziqish bildirsa. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 12 oktyabr kuni “Rossiya energetika haftaligi” forumidagi nutqida aytib o‘tdi.

“Shimoliy oqim”lar orqali, Boltiq dengizi tubi bo‘ylab yo‘qolgan tranzit hajmini biz Qora dengiz mintaqasiga ham o‘tkazishimiz mumkin. Shunday qilib, biz yoqilg‘i, tabiiy gazimizni Turkiya orqali Yevropaga yetkazib berishni asosiy yo‘nalishlarga aylantiramiz va Turkiyada Yevropaning eng yirik gaz markazini yaratamiz. Albatta, bizning hamkorlarimiz bundan manfaatdor bo‘lsa”, deydi Putin.

Rossiya Prezidenti hozirda Turkiyaga “Turk oqimi” va “Moviy oqim” orqali gaz yetkazib berilayotganini eslatib o‘tdi. Yaqin kelajakda, shuningdek, “Sibir kuchi-2” gaz quvuri qurilishini boshlash va Mo‘g‘ulistonda uning davomi – “Soyuz-Vostok”ni qurish rejalashtirilgan.

“Gazga kelsak, biz o‘z mahsulotimizni, albatta, jahon bozorlariga chiqaramiz”, deb va’da bergan Rossiya Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni bir necha soat ichida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2”ga quvurida to‘rtta gaz sizish nuqtasi aniqlandi. Ulardan birinchisi Daniyaning Bornxolm oroli yaqinidagi “Shimoliy oqim-2”da aniqlangan. Keyin “Shimoliy oqim”da ikkita sizish qayd etildi. Daniya energetika agentligi dengizga katta miqdorda gaz tushgani haqida xabar berdi. So‘nggi to‘rtinchi sizish nuqtasi Shvetsiya hududida topildi. Samolyotlar va kemalarning hodisa sodir bo‘lgan joyga besh dengiz milidan yaqinroq kelishi taqiqlandi.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari “Shimoliy oqim”ga ataylab zarar yetkazilganini aytmoqda. Shvetsiya va Daniyadagi seysmologik stansiyalar gaz sizib chiqqan hududda suv osti portlashlarini qayd etgan.

Hodisalarni Germaniya, Daniya va Shvetsiya tekshirmoqda. Nemis maxfiy xizmatlari bu g‘avvos yoki suv osti kemasidan foydalangan holda sabotaj bo‘lgan deb gumon qilmoqda. Ularning fikricha, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, ular abadiy yaroqsiz holga kelishi mumkin.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa “Shimoliy oqim”lardagi nosozlikni “angl-sakslar” qasddan uyushtirganini aytib chiqdi. Ammo angl-sakslar deganda kimni nazarda tutayotganini aniq aytmadi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Vladimir Putin

Baholaganlar

76

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing