Putin rossiyaliklarni saylovda qatnashishga chaqirdi
Olam
−
14 mart
8004Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarni prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga chaqirdi. Tegishli chaqiriqni Rossiya Federatsiyasining amaldagi Prezidenti Kreml veb-saytida e’lon qilingan fuqarolarga videomurojaatida aytdi.
Putin ertaga, 15 mart kuni butun mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalari ochilishini va prezident saylovi uchun uch kunlik ovoz berish davri boshlanishini eslatdi.
“Ular Rossiyada sakkizinchi bor o‘tkazilmoqda, bu esa demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri – saylovlarning muntazamligi daxlsiz ekanini ko‘rsatadi. Ularning natijalari yaqin yillardagi mamlakat rivojiga bevosita ta’sir qiladi. Bu muhim, o‘ta mas’uliyatli voqea”, deydi Putin.
Prezident Rossiyada hokimiyatning yagona manbai xalq ekanini va mamlakat taqdirini faqat rossiyaliklar belgilashini ta’kidladi.
"Siz nafaqat ovoz berishingiz, balki o‘z xohishingiz va intilishlaringizni, Rossiyaning yanada rivojlanishidagi shaxsiy ishtirokingizni qat’iy e’lon qilishingiz kerak, chunki saylovlar kelajakka qadamdir", deydi u.
Bundan tashqari, Prezident mamlakatda "deyarli barcha sohalarda" sodir bo‘layotgan murakkab muammolar oldida Rossiya xalqining birligi muhimligini ta’kidladi.
“Biz Rossiyaning erkinligi, suvereniteti va xavfsizligini himoya qilish, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, tarix va madaniyatimizni himoya qilish, vijdon va haqiqat, adolat asosida qanday birga bo‘lishni bilishimizni allaqachon isbotladik. Qanday davlat qurishimiz, qanday rejalarni amalga oshirishimiz kerakligi haqida o‘z qarashlarimiz bor. Bugun esa bu yo‘ldan qaytmaslik, rejalashtirilgan ishlarga erishish, belgilangan keng ko‘lamli maqsadlarga erishish g‘oyat muhim”, deb ta’kidlaydi Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birdamlik, qat’iyatni yana bir bor tasdiqlab, birgalikda olg‘a borish zarur.
“Har bir ovozingiz qimmatli va ahamiyatlidir. Shu bois, yaqin uch kun ichida ovoz berish huquqidan foydalanishingizni so‘rayman. Mamlakatimiz katta va hamma joyda – har bir shaharda, har bir qishloqda saylov uchastkalari ochiladi”, deydi Rossiya Prezidenti.
Ayni paytda, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Yevroparlament endi Rossiya Federatsiyasidagi saylovlar haqida bir og‘iz so‘z aytmasligi kerak, deb hisoblashini bildirdi. Gap shundaki, Yevropa parlamenti Rossiyadagi saylov jarayonini kuzatmasligini ma’lum qilgan.
“Endi ular Rossiyadagi prezidentlik saylovlari haqida bir og‘iz so‘z aytishga harakat qilsinlar, shunda hamma ularning yolg‘on gapirganini yoki ruhiy kasal ekanini tushunadi”, deb yozdi Zaxarova Telegram’dagi kanalida.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova saylov uchastkalarida 2,4 mingdan ortiq ommaviy axborot vositalarining 12,6 ming nafardan ortiq jurnalisti ish olib borishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Rossiya prezidenti saylovlarida 1447 nafar jurnalist ishlash uchun akkreditatsiyadan o‘tgan, ularning yarmiga yaqini xorijlik.
“Bugungi kunga qadar Federal Majlis palatalarining taklifiga binoan saylovga 36 ta davlatdan, jumladan, 30 ta milliy parlament, shuningdek, 5 ta xalqaro tashkilotdan kuzatuvchi sifatida delegatsiyalar kelmoqda”, deydi Federatsiya Kengashi vitse-spikeri Konstantin Kosachev.
Rossiyada prezident saylovi uch kun davom etadi: 15, 16 va 17 mart. Rossiya davlati rahbari lavozimiga to‘rt nomzod: LDPRdan Leonid Slutskiy, Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Nikolay Xaritonov, "Yangi odamlar" partiyasidan Vladislav Davankov va amaldagi Prezident Vladimir Putin o‘zini o‘zi ko‘rsatgan nomzod sifatida da’vogarlik qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi “Fuqarolar tashabbusi” partiyasidan Boris Nadejdinning prezidentlikka nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazmagan. Bunga uni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘plangan imzolarning 10 foizdan ortig‘i soxtaligi ro‘kach qilib keltirilgan. Shuningdek, MSK prezidentlikka o‘z nomzodini e’lon qilganida Ukrainada jangovar harakatlar to‘xtatilishi, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarning ozod etilishi tarafdori ekanini bildirgan Yekaterina Dunsovaga ham uning hujjatlarida xatolar aniqlangani vaji bilan nomzod bo‘lishga ruxsat bermadi. Shundan so‘ng Dunsova MSK ustidan sudga murojaat qildi. Biroq Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi ham rjevlik jurnalist Yekaterina Dunsovaning da’vosini rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya qamoqxonasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya G‘arb davlatlarini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka va Vladimir Putinni Rossiyaning beshinchi muddatga saylanadigan Prezidenti sifatida qabul qilmaslikka chaqirgandi.
LiveBarchasi