Putin Rossiyada yonilg‘i taqchilligi borligini tan oldi
Olam
−
29 iyun 1751 3 daqiqa
Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining quvvatlari maksimal darajaga yetkazilgan, to‘plangan yonilg‘i zaxiralari ishga solingan, biroq benzin sotib olishdagi qiyinchiliklarni fuqarolar ham, biznes ham boshdan kechirishda davom etmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 28 iyun kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan rejadan tashqari yig‘ilishda ma’lum qildi.
“Ham avtoulovchilar, ham biznes uchun muammolar saqlanib qolmoqda: afsuski, yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar ham bor, kerakli markadagi benzinni esa hamisha ham topib bo‘lmayapti. Va albatta, biz yozgi davrda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va fermer xo‘jaliklari duch kelayotgan qiyinchiliklarni tushunib turibmiz”, deydi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning deyarli barcha hududlarini, shu jumladan, AYOQSHlarda rasmiy cheklovlar joriy qilgan 30 ga yaqin hududni qamrab olgan yonilg‘i inqirozini hal qilish uchun benzin va aviakerosin eksportiga taqiq qo‘yilgan. Yirik NQZlardan tashqari kichik va o‘rta zavodlar quvvatlari ham ishga solingan, hozirda esa dizel yonilg‘isi eksportini ham to‘xtatish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
“Ichki bozorga avval to‘plangan yonilg‘i hajmlari chiqarildi”, deydi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda mamlakatda benzin zaxiralari 1,7 million tonnani tashkil etmoqda. “Reuters”ning baholashicha, ushbu hajm yoz oylaridagi 15 kunlik iste’molni (kuniga 110 ming tonna) va har kunlik benzin yetishmovchiligining (kuniga 25 ming tonna) taxminan ikki oylik o‘rnini qoplaydi.
“Iyul oyida asosiy yonilg‘i turlarini ishlab chiqarish iyun ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lishi kerak, biroq yonilg‘i bozorini barqarorlashtirish uchun joriy chaqiriqlar ko‘lamiga mos keladigan tizimli choralar zarur”, deydi Putin.
“Reuters”ning baholashicha, Rossiya Belarusdan allaqachon oyiga 100-150 ming tonna benzin sotib olmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘iston bilan ham muzokaralar olib borilmoqda, vaholanki u yerda nazariy jihatdan Rossiya bozoriga benzin yetkazib berishga faqat bittagina NQZ tayyor.
Iqtisodchi Kirill Rodionovga ko‘ra, Rossiya neftini sotib olayotgan Xitoy va Hindiston Rossiyaga yonilg‘i yetkazib beruvchi roliga asosiy da’vogarlarga aylanmoqda. Biroq muammo shundaki, uzoq xorijdan olib kelinadigan yonilg‘i Rossiya ishlab chiqaruvchilarining mahsulotidan sezilarli darajada qimmatroq bo‘ladi.
Hukumat dempfer mexanizmi doirasida neftchilarga byudjetdan kompensatsiya to‘lagan holda benzin importini subsidiyalashni rejalashtirmoqda. Biroq importchilarga beriladigan subsidiyalar olib kirilayotgan yonilg‘ining Rossiyada iste’molchilar uchun odatiy bo‘lgan darajadan ancha yuqori narxlarda sotilmasligiga hech qanday kafolat bermaydi.
“Reuters”ning baholashicha, iyun oyida Rossiyada yonilg‘i ishlab chiqarish yillik hisobda 25 foizga tushib ketgan va hozirda ichki iste’moldan taxminan 20 foizga orqada qolmoqda. So‘nggi ikki oy ichida yirik neftni qayta ishlash zavodlari orasida hujumlarga uchramagan va to‘liq quvvat bilan ishlashda davom etayotgan yagona korxona – yillik quvvati 22 million tonna bo‘lgan Omsk NQZsi bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskvada benzin tanqisligi sabab haydovchilar avtoyonilg‘i quyish shoxobchalarida soatlab navbat kutayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi