Moskvada benzin tanqisligi sabab uzun navbatlar yuzaga keldi
Olam
−
29 iyun 2341 2 daqiqa
Rossiya poytaxti Moskvada benzin tanqisligi sabab haydovchilar avtoyonilg‘i quyish shoxobchalarida soatlab navbat kutmoqda. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, yonilg‘i inqirozi Rossiyaning aksariyat hududlarini, jumladan, Moskvani ham qamrab olgan. So‘nggi kunlarda ko‘plab AYOQSHlarda uzun navbatlar kuzatilmoqda. Faqat dizel yonilg‘isi sotilayotgan shoxobchalarda esa bunday tirbandlik mavjud emas.
Ayrim AYOQSH xodimlari foto va video tasvirga olishni taqiqlamoqda. Ular buni avtoyonilg‘i quyish shahobchalari “maxsus ob’ekt” hisoblanishi bilan izohlagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, “Lukoyl” tarmog‘iga qarashli AYOQSHlarning aksariyati yo vaqtincha yopilgan, yoki faqat dizel yonilg‘isini sotmoqda. “Neftmagistral” tarmog‘ida esa benzinning barcha turlari mavjud emas. “Gazprom”ning ayrim AYOQSHlari ishlayotgan bo‘lsa-da, ularda AI-92 benzini tugagan yoki faqat dizel sotilmoqda.
Eng barqaror vaziyat “Rosneft” tarmog‘ida kuzatilmoqda. Bu yerda ko‘plab AYOQSHlarda benzin mavjud, ammo bir xaridorga ko‘pi bilan 50 litrdan sotilmoqda. Shu bilan birga, ayrim shahobchalarda AI-92 benzini tanqisligi ham qayd etilgan.
Nashrning yozishicha, “Rosneft”ning ba’zi AYOQSHlari yangi yoqilg‘i partiyasini kutish uchun vaqti-vaqti bilan taxminan bir soatga faoliyatini to‘xtatmoqda. Shunga qaramay, haydovchilar benzin sotuvi qayta tiklanishini kutib, navbatlarda qolishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli Qozog‘iston bilan taxminan 50 ming tonna hajmdagi AI-92 avtobenzinini import qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi