Putin Ramzan Qodirovning arzandasini tabrikladi
Olam
−
28 iyun 8978 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li Adam Qodirovning to‘yi munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Ramzan Qodirov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Checheniston rahbari Putinning tabrigini butun oila vakillari bilan samimiy qarshi olgani va bu uchun Rossiya Prezidentidan minnatdor ekanini bildirgan.
“Butun oilamiz nomidan Checheniston Respublikasining birinchi prezidenti, Rossiya Qahramoni Ahmad-Xoji Qodirovning nevarasi Adam Qodirovni oila qurishi munosabati bilan shaxsan tabriklaganingiz uchun sizga chuqur minnatdorligimizni bildirmoqchiman.
Sizning aziz otamiz xotirasiga bo‘lgan ehtiromingiz, oilamizga bo‘lgan hurmatingiz men uchun juda qadrlidir. Siz doimo Ahmad-Xojini do‘stingiz deb atagansiz va bugungi kungacha uning eng sadoqatli do‘stisiz”, deya yozgan Qodirov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vladimir Putinning samimiy tilaklari va iliq so‘zlari nafaqat kelin-kuyov, balki butun chechen xalqiga yo‘llangan. Qodirov buni hech qachon unutilmaydigan e’tibor deb atagan.
Rasmiy Kreml esa hozircha bu tabrik haqida bayonot bermagan.
Adam Qodirovning to‘yi qachon bo‘layotgani haqida ham aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Adamning opasi Ayshat Qodirova faqatgina to‘y marosimi Qodirovlar oilasining tug‘ilgan qishlog‘i – Ahmat-Yurtda bo‘lib o‘tishini yozgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyi oxirida hali voyaga yetmagan Adam Qodirovga Arab arbitraj sudi a’zosi guvohnomasi umrbod muddatga berilgan. Ushbu sud Arab davlatlari ligasi huzuridagi organ bo‘lib, tijoriy va iqtisodiy nizolarni, shu jumladan, davlatlararo nizolarni hal etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Adam Qodirovga “Liviya faxriy mehmoni” medali topshirilgan. Bu mukofot Checheniston delegatsiyasining Misrga tashrifi chog‘ida berilgan.
2024 yilning oktyabr oyida Adam Qodirov Rossiya rekordlar kitobiga kiritilib, Rossiya hududi rahbarining eng yosh xavfsizlik xizmati boshlig‘i sifatida qayd etilgan. O‘shanda u 16 yoshda edi. U otasining xavfsizligini ta’minlash bo‘limi rahbari lavozimiga 2023 yilning oxirida, 15 yoshida tayinlangan. 2023 yilning aprelida esa Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlar universitetining kuratori bo‘lgan.
2023 yilda Adam Qodirov Chechenistonda tashkil etilgan va Baysangur Binoyevskiy nomi bilan ataluvchi Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus bataloni kuratori lavozimiga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov Ichki ishlar vazirligining mintaqaviy boshqarmasi kuratori etib tayinlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr