Putin Pezeshkiyon bilan uchrashdi (video)
Olam
−
17 yanvar
5107Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va ushbu davlatga rasmiy tashrif bilan kelgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Bosh vazir o‘rinbosari, Prezidentning “Shimol-Janub” xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Vitaliy Savelev, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, Rossiyaning Erondagi elchisi Aleksey Dedov hamda Rossiyaning Energetika vaziri, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Rossiya-Eron doimiy komissiyasi hamraisi Sergey Sivilev ishtirok etdi.
Putin nutqi bilan boshlangan uchrashuvda Rossiya rahbari Pezeshkiyoning ushbu tashrifi alohida ahamiyatga egaligini aytdi.
“Chunki biz nafaqat imkoniyatga ega bo‘lamiz va hamkorligimizning barcha yo‘nalishlarini muhokama qilamiz, balki Rossiya va Eron o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi yirik asosiy shartnomani ham imzolaymiz. Biz bu borada anchadan beri ishlayapmiz va bu ish yakunlanganidan juda xursandman. Bu muhim, chunki u bizga o‘zaro munosabatlarimizning deyarli barcha sohalariga qo‘shimcha turtki berish imkoniyatini yaratadi”, degan Putin.
Prezident Putin o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga ham to‘xtalib, o‘tgan yilning 10 oyi davomida tovar ayirboshlash hajmi 15,5 foizga o‘sganini ma’lum qildi. U, shuningdek, yirik loyihalarni, jumladan, atom energetikasi sohasidagi loyihalarini davom ettirishini aytgan.
Putin o‘z so‘zini yakunlagach, Eron Prezidenti nutq so‘zladi. Pezeshkiyon Moskvaga kelishidan oldin Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan suhbatlashgani, Xomanaiy unda Rossiya bilan har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish muhimligini aytganini ta’kidladi.
“Siz o‘rinli ta’kidlaganingizdek, aslida nafaqat mintaqadagi, balki xalqaro maydondagi hamkorligimiz, ikki tomonlama tovar ayirboshlash rivoji – bularning barchasi bizni chinakam quvontiradi. Ishonchim komilki, bugungi kunda ikki davlat faoliyatining barcha sohalari, jumladan, madaniyat, iqtisodiyot, gumanitar sohalarni qamrab olgan yirik shartnomamiz imzolanishi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga katta turtki beradi va bu oldinga siljish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi”, degan Pezeshkiyon.
U o‘z so‘zi davomida atom elektr stansiyasini qurish haqidagi kelishuv juda yaxshi yangilik ekanini bildirdi. Rasmiy suhbatdan so‘ng Putin va Pezeshkiyon 2001 yilda Moskvada imzolangan Rossiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar asoslari va hamkorlik tamoyillari haqidagi amaldagi hujjat o‘rnini bosuvchi har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon rasmiy tashrif bilan Rossiyaga borgandi.