Putin Pelosining Tayvanga safariga munosabat bildirdi

Olam

image

AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi shunchaki mas’uliyatsiz bir siyosatchining safari emas, balki boshqa davlatlar suverenitetiga hurmatsizlikning shafqatsiz namoyishi, puxta rejalashtirilgan provokatsiyadir. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pelosining Tayvanga tashrifiga shunday munosabat bildirdi.

“Amerikaning Tayvanga qarshi xavfli o‘yini shunchaki mas’uliyatsiz bir siyosatchining sayohati emas, balki AQSHning mintaqa va dunyodagi vaziyatni beqarorlashtirish bo‘yicha maqsadli, ongli strategiyasining bir qismi, boshqa mamlakatlar suvereniteti va xalqaro majburiyatlariga hurmatsizlikning ochiq namoyishidir. Biz buni puxta rejalashtirilgan provokatsiya deb bilamiz”, degan Putin Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha X Moskva konferensiyasi ishtirokchilari va mehmonlariga murojaatida.

Ma’lumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Xitoy-Tayvan masalasi

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin

Baholaganlar

88

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing