Putin Pekinda Shahboz Sharif va Vuchich bilan ham uchrashadi
Olam
−
30 avgust 3822 2 daqiqa
Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Pekinda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Bu haqda Rossiya Prezidentining xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga kecha, 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Prezidentimiz rasmiy tashrif va Xitoy rahbari bilan uchrashuvni yakunlagach, ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Shuni aytishim mumkinki, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri bilan muloqot rejalashtirilgan. Prezident pokistonlik mavqedoshidan keyin Aleksandr Vuchichni qabul qiladi”, degan Kreml vakili.
Ushakov Putin Vuchich bilan joriy yilning 9 may kuni Moskvada Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar doirasida uchrashganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi uchrashuvda Rossiya-Serbiya hamkorligining asosiy masalalari, jumladan, energetika hamda boshqa sohalarda fikr almashish rejalashtirilgan. Kosovodagi vaziyat va Serbiya Respublikasi atrofida bo‘layotgan siyosiy jarayonlar ham muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashuv o‘tkazadi. Unda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Xitoyning rasmiy axborot agentligi “Sinxua”ga ko‘ra, Pekinda o‘tadigan tantanalarda 26 mamlakat yetakchisi va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Xitoyga birinchilar qatorida tashrif buyurishi rejalashtirilgan xorijiy davlat rahbarlaridan biri Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sanaladi.
Pekindagi bayramlarda, shuningdek, Kambodja, Vetnam, Laos, Indoneziya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Nepal, Maldiv orollari, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Kongo Respublikasi, Zimbabve, Serbiya, Slovakiya, Kuba va Myanma davlat hamda hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Xitoy xalqining yapon agressiyasiga qarshi qarshilik ko‘rsatish urushi, ikkinchi Xitoy-yapon urushi deb ham ataladi, bu 1931 yilda Yaponiyaning Manchuriyaga bostirib kirishi bilan boshlandi va 1937 yilda keng ko‘lamli urushga aylanib, 1945 yilda Yaponiyaning taslim bo‘lishi va Ikkinchi jahon urushining tugashi bilan yakunlandi. Xitoy fashizm ustidan g‘alaba qozonishda, Yaponiya qo‘shinlarini uzoq yillar davomida ushlab turishda va xalqaro antifashistik frontni shakllantirishda muhim rol o‘ynagani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyul kuni Ozarbayjonning Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini qabul qilingan "yo‘l xaritasi" asosida yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingandi.
Live
Barchasi