Putin Pekinda Rossiyaning Ozarbayjon bilan munosabatlariga to‘xtaldi (video)
Olam
−
03 Sentabr 15403 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoyning Pekin shahrida ushbu davlatga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumani chog‘ida Moskvaning Ozarbayjon bilan munosabatlari xususida so‘z ochdi.
Prezident anjuman davomida jurnalistning Rossiya va Ozarbayjon munosabatlariga oid savoliga javob berdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tubdan o‘zgarmagan. Prezidentning ishontirishicha, muammolar mavjud bo‘lsa-da, hammasi “o‘z joyiga tushadi”. U Xitoyga tashrifi chog‘ida ozarbayjonlik mavqedoshi Ilhom Aliyev bilan yo‘llari kesishganini va u bilan bir necha so‘z almashganini ta’kidladi.
“Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda har doim mavjud siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda qandaydir savollar tug‘iladi. Muammolar bor. Bugun biz Prezident Aliyev bilan salomlashdik, men ham u va uning rafiqasi bilan salomlashdim, bir-ikki og‘iz so‘z almashdik. O‘ylaymanki, Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi fundamental munosabatlar, ularning rivojlanishidan o‘zaro manfaatdorlik pirovardida hamma narsada o‘z o‘rniga qaytadi”, dedi Vladimir Putin.
Aliyev yaqinda “Al-Arabiya” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuviga alohida to‘xtalgandi. U Ozarbayjon Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ikkinchi Qorabog‘ urushining oxirgi kunida – 2020 yil 9 noyabrda Ozarbayjon tasodifan chegaraga yaqin hududda bo‘lishi kerak bo‘lmagan Rossiya vertolyotini urib tushirgan.
Ozarbayjonlik aka-uka Safarovlarning iyun oyi oxirida Yekaterinburgda 2000 yillarda sodir etilgan jinoyatlarda gumon qilinib, hibsga olinishi paytida o‘ldirilishini Aliyev sovuqqonlik sabablaridan biri, deb atadi. Aliyev voqeaga ilk bor izoh berdi va buni ozarbayjonliklarga nisbatan “misli ko‘rilmagan harakat” deb baholadi.
Xitoyga birinchilar qatorida tashrif buyurgan xorijiy davlat rahbarlaridan biri Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bo‘ldi.
Pekindagi bayramlarda, shuningdek, Kambodja, Vetnam, Laos, Indoneziya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Nepal, Maldiv orollari, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Kongo Respublikasi, Zimbabve, Serbiya, Slovakiya, Kuba va Myanma davlat hamda hukumat rahbarlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, Xitoy xalqining yapon agressiyasiga qarshi qarshilik ko‘rsatish urushi, ikkinchi Xitoy-yapon urushi deb ham ataladi, 1931 yilda Yaponiyaning Manchuriyaga bostirib kirishi bilan boshlandi va 1937 yilda keng ko‘lamli urushga aylanib, 1945 yilda Yaponiyaning taslim bo‘lishi va Ikkinchi jahon urushining tugashi bilan yakunlandi. Xitoy fashizm ustidan g‘alaba qozonishda, Yaponiya qo‘shinlarini uzoq yillar davomida ushlab turishda va xalqaro antifashistik frontni shakllantirishda muhim rol o‘ynagani aytiladi.
Live
Barchasi