Putin va Si Szinpin yangi dunyo tartibini ilgari surdi
Olam
−
01 Sentabr 7804 3 daqiqa
Bugun, 1 sentyabr kuni Xitoy raisi Si Szinpin Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etgan yetakchilarni “ulkan bozorlaridan” foydalanishga chaqirdi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Sining yangi global xavfsizlik va iqtisodiy tartib yaratish yo‘lidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu tashabbus AQSH uchun jiddiy chaqiriq hisoblanadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“Shanxay hamkorlik tashkiloti xalqaro munosabatlarning yangi turiga namuna bo‘ldi. Biz dunyoda teng va tartibli ko‘pqutblilikni, inklyuziv iqtisodiy globallashuvni qo‘llab-quvvatlashimiz va adolatli hamda teng huquqli global boshqaruv tizimini qurishni ilgari surishimiz kerak. Biz ulkan bozor imkoniyatlaridan foydalanib, savdo va investitsiyalarni yengillashtirish darajasini oshirishimiz zarur”, dedi Si shimoliy Xitoyning Tyanszin port shahrida o‘tkazilayotgan ikki kunlik sammitning ochilish marosimida 20 dan ortiq dunyo yetakchilariga qilgan nutqida.
Si Szinpin SHHT a’zolarini energetika, infratuzilma, fan va texnologiya hamda sun’iy intellekt kabi sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirib.
Putinning aytishicha, bu tuzilma “haqiqiy ko‘ptomonlama hamkorlikni” tikladi va o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan tobora ko‘proq foydalanilmoqda.
“Bu esa Yevroosiyoda barqarorlik va xavfsizlikning yangi tizimini shakllantirish uchun siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy poydevor yaratadi. Bu xavfsizlik tizimi Yevropa yoki Yevroatlantika modellaridan farqli o‘laroq, haqiqatan ham ko‘p sonli davlatlar manfaatlarini hisobga oladi, muvozanatli bo‘ladi va bir davlatning o‘z xavfsizligini boshqalar hisobidan ta’minlashiga yo‘l qo‘ymaydi”, dedi u.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi hamda Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan borgan boshqa yetakchilar ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu “Global Janub” davlatlari hamjihatligining katta namoyishi sifatida baholandi.
Si tashkilot hamkorlarini “Sovuq urush tafakkuri va bloklarga bo‘linish”ga qarshi turishga hamda ko‘pqirrali savdo tizimlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu gap AQSH Prezidenti Donald Trampning bojxona urushiga ishora sifatida qabul qilindi. Bu siyosat ayniqsa Hindiston kabi rivojlanayotgan iqtisodlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda: o‘tgan hafta Hindiston eksportiga 50%lik boj joriy qilingan edi.

Si bu yil tashkilot a’zolariga 2 milliard yuan (280 million dollar) bepul yordam va yana 10 milliard yuan kreditni SHHT bank konsorsiumiga taqdim qilishini bildirdi.
Kecha, 31 avgust kuni uchrashuv doirasida so‘zlagan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xitoyning global ko‘pqirralilikni qo‘llab-quvvatlashda “fundamental” rol o‘ynayotganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Pekin sammitdan Xindiston bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyati sifatida ham foydalandi. Modi (o‘tgan yetti yilda ilk bor Xitoyga tashrif buyurgan) va Si 31 avgust kuni mamlakatlari raqib emas, balki rivojlanish hamkorlari ekani haqida kelishib oldi hamda jahon bojxona beqarorligi sharoitida savdo munosabatlarini yaxshilash yo‘llarini muhokama qildi.

Ma’lumot uchun, SHHT terrorizm va Afg‘onistondan kelayotgan narkotrafik tahdidlariga qarshi kurashish maqsadida mintaqaviy xavfsizlik bloki sifatida tuzilgan. Uning rasmiy tillari xitoy va rus tillari hisoblanadi. Shtab-kvartirasi Pekinda joylashgan bu Yevroosiyo blogi hozirda 10 ta a’zo davlatni o‘z ichiga oladi. Uning ikki kuzatuvchi davlati – Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston hamda 14 ta muloqot hamkorlari bor. So‘nggi yillarda blokning vazifalari G‘arbga qarshi muvozanat sifatida iqtisodiy va harbiy hamkorlikni ham o‘z ichiga olib kengaydi. O‘tgan yilgi ikki kunlik sammitda Putin SHHT “adolatli, ko‘p qutbli jahon tartibi”ning asosiy ustuniga aylanganini aytgan, Si esa Rossiya bilan ikki tomonlama aloqalarni olqishlagan edi.
Live
Barchasi