Putin Pashinyanni ogohlantirdi

Olam

image

Rossiya Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni rivojlantirish istagiga xotirjam qaraydi, biroq Yerevan bir vaqtning o‘zida ham Yevropa Ittifoqi (YeI), ham Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan bojxona ittifoqida bo‘la olmaydi. Bu haqda bugun, 1 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashuvda bayonot berdi.

“Biz tushunamizki, har qanday mamlakat uchinchi davlatlar bilan hamkorlikdan maksimal foyda izlaydi. Ammo bu ochiq-oydin va halol bo‘lishi kerak, avvaldan kelishib olinishi lozim: Yevropa Ittifoqi va YeOII bilan bir vaqtda bojxona ittifoqida bo‘lishning iloji yo‘q”, deydi Rossiya yetakchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “sof iqtisodiy xarakterga ega masala” hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, YeOII – Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarus a’zo bo‘lgan iqtisodiy integratsiya birlashmasidir.

Fevral oyida Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Armaniston YeOIIdan chiqishni lozim topmasligini qayd etgan. Bunga javoban Lavrov Armanistonning YeOIIga a’zoligi mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bilan mos kela olmasligini aytgan.

Biroq yil boshida Pashinyan mamlakatning Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zo bo‘lish istagini bildirgan. U 2024 yil mart oyida mamlakat parlamenti “YeIga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilganini va bu yevrointegratsiya jarayonini rasman boshlaganini eslatib o‘tdi. Shunga qaramay, uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston imkoni boricha YeOII a’zoligini va YeIga kirish harakatlarini birgalikda olib borishni rejalashtirmoqda.

Armaniston Iqtisodiyot vazirligi esa mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni boshqa birontasiga almashtirmoqchi emasligini, biroq savdo sheriklarini diversifikatsiya qilish ular uchun muhim ekanini tushuntirgan.

Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukning fikricha, Armaniston YeIga a’zo bo‘lish qarorini qabul qilishda Yevropa Ittifoqining mazmuni o‘zgarib, iqtisodiy blokdan harbiy-siyosiy ittifoqqa aylanayotganini hisobga olishi kerak. U Yevropa Ittifoqi “Rossiyaga nisbatan tajovuzkor kayfiyatda” ekaniga ishora qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing