Putin muzokaralarni emas, Ukraina taslim bo‘lishini istaydi – Germaniya
Olam
−
30 iyun 2025 3405 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan muzokara qilish niyatida emas, balki uning to‘liq taslim bo‘lishini talab qilmoqda. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful bugun, 30 iyun kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
“Ukrainada Yevropaning kelajagi hal bo‘lmoqda – erkinlik va inson qadr-qimmati qadrlanadigan makon bo‘lib qoladimi yoki zo‘ravonlik chegaralarni belgilaydigan qit’aga aylanadimi, mana shu savol asosiy masala”, degan Vadeful.
U Germaniya Ukrainani o‘z himoyasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Germaniya zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari, boshqa harbiy texnika vositalari hamda gumanitar va iqtisodiy yordam ko‘rsatishda davom etadi.
Vadefulning qo‘shimcha qilishicha, Putin “Ukrainani bo‘ysundirish” uchun bombardimonlar bilan tinimsiz terror olib bormoqda va har kuni oddiy tinch aholi halok bo‘lmoqda.
Shuningdek, u Ukrainaning bir necha bor jiddiy muzokaralarga tayyorligini bildirgani, ammo Putin o‘zining maksimalist talablaridan bir qadam ham chekinmayotganini aytgan.
“Putin hech qanday muzokarani istamaydi. U faqat taslim bo‘lishni xohlaydi”, degan Germaniya TIV rahbari.
Vazir Putin olib borayotgan siyosatni “imperialistik mafkura” deb atagan va bu mafkurani Germaniya va butun Yevropa xavfsizligiga eng katta tahdid deb baholagan.
Shuningdek, u NATO davlatlarining 5 foiz byudjetni mudofaa va xavfsizlikka yo‘naltirish rejasini ittifoq erkinligini himoya qilishdagi qat’iyat belgisi sifatida e’tirof etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Fridrix Mers VDR telekanali tashabbusi bilan o‘tkazilgan forumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan qurollarni uzoq masofadagi nishonlarga qo‘llash bo‘yicha avval belgilangan cheklovlar olib tashlangani haqida gapirgandi.
Live
Barchasi