Mers Ukraina qurollaridan masofa cheklovi olib tashlanganini aytdi
Olam
−
26 may 5469 2 daqiqa
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan qurollarni uzoq masofadagi nishonlarga qo‘llash bo‘yicha avval belgilangan cheklovlar olib tashlangan. Bu haqda bugun, 26 may kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers WDR telekanali tashabbusi bilan o‘tkazilgan forumda ma’lum qildi.
“Ukrainaga berilgan qurollar bo‘yicha endilikda uzoq masofaga zarba berishga hech qanday cheklov yo‘q – na Buyuk Britaniya, na Fransiya, na biz, na amerikaliklar tomonidan”, degan u.
Mersning aytishicha, Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun “qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi”. Aynan shu sababdan u yaqinda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bilan birga Kiyevga tashrif buyurganini eslatgan. Ushbu tashrif “ko‘ngillilar koalitsiyasi” doirasida amalga oshirilgan.
Unga ko‘ra, cheklovlarning bekor qilinishi Ukrainaga o‘zini himoya qilish imkonini beradi. Masalan, Rossiyadagi harbiy ob’ektlarga zarba berish orqali.
Qayd etish joiz, urush davomida G‘arb davlatlari Ukrainaga uzoq masofali qurollarni yetkazib bergan bo‘lsa-da, ularni Rossiya hududiga qarshi ishlatishni taqiqlab kelayotgan edi. 2024 yil noyabr oyida o‘sha vaqtdagi AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga ATACMS raketalarini Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi ishlatishga ruxsat bergan. Buyuk Britaniya va Fransiya esa Storm Shadow qanotli raketalariga nisbatan cheklovlarni olib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan, biroq bu haqda rasmiy tasdiq berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fridrix Mers Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainada 30 kunlik so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish masalasida Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Polshaning “buyuk birligi”ni e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi