Putin Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qildi. Ittifoq haqida biror narsa dedimi?
Jamiyat
−
30 noyabr 2022
16091Bugun, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qiligan.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani hamda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sermahsul ishlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Bundan tashqari, ko‘p tomonlama formatdagi, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan. Yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.
“O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tdi”, deya muloqotga baho bergan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi.
Suhbatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rejalashtirilayotgan gaz bo‘yicha ittifoq haqida so‘z ochganmi yo yo‘q, bunisi noma’lum. O‘zbekiston rahbari Matbuot xizmati bunga aniqlik kiritmagan.
Xabaringiz bor, joriy yilning 28 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida Kremlda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Qozog‘iston Prezidentining ma’lum qilishicha, Putin To‘qayevga Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston ittifoqini tuzishni taklif qilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Putin To‘qayevga uch davlatning gaz bo‘yicha ittifoqini tuzish rejalarini aytgan va bu masala O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘ng‘iroq qilish niyati borligini bildirgan.
LiveBarchasi