Putin Mirziyoyevga bosimlarga qaramay Moskvaga kelgani uchun rahmat aytdi
Jamiyat
−
09 may 8743 3 daqiqa
Bugun, 9 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Rossiyaga Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun borgan edi.
Putin Mirziyoyevni g‘alabani nishonlash arafasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirib, bu g‘alaba umumiy – sovet xalqining “Ulug‘ Vatan urushi”dagi g‘alabasi ekanini ta’kidlagan.
Rossiya Prezidentining aytishicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, jumladan Mirziyoyevning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli, juda yaxshi rivojlanmoqda. U savdo hajmi ortib borayotgani, yirik iqtisodiy loyihalar amalga oshirilayotgani va Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy investorlardan biri bo‘lib qolayotganini qayd etgan.
Putin, shuningdek, O‘zbekiston Mirziyoyev rahbarligida yuqori sur’atlarda rivojlanayotganini aytib, uni bu bilan tabriklagan.
Rossiya rahbari hozirgi sharoitda bunday uchrashuvlar, hatto bayram munosabati bilan bo‘lsa ham, ikki davlat o‘rtasidagi alohida munosabatlarning belgisi ekanini bildirgan. U bu munosabatlarni “oddiy do‘stlik emas, balki birodarlik hamkorligi” deb atagan.
Putin Mirziyoyevning tashqi bosim va tahdidlarga qaramasdan Moskvaga kelgani hamda Qizil maydondagi harbiy paradda ishtirok etishini “alohida belgi” deb baholab, bu uchun minnatdorlik bildirgan.
Mirziyoyev esa o‘z navbatida Putinni va Rossiyaning ko‘p millatli xalqini G‘alabaning 81 yilligi bilan tabriklagan.
O‘zbekiston Prezidentining ta’kidlashicha, bu g‘alaba umumiy tarix va umumiy g‘alaba bo‘lib, uni hech qachon unutmaslik kerak. U yosh avlod tarbiyasida g‘alabaning ahamiyati katta ekanini aytdi.
Mirziyoyev O‘zbekistonda ham bu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar keng nishonlanayotgani, u gospitallarga borib, veteranlar bilan suhbatlashganini aytgan. Ularning ko‘pchiligi Putinga salom yo‘llashni so‘raganini ham qo‘shimcha qilgan.
Shuningdek, Mirziyoyev ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, yaqinda o‘tgan Innoprom sanoat ko‘rgazmasi yuqori darajada tashkil etilganini eslagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan birinchi vitse-premer Denis Manturov, olti nafar gubernator va 500 ga yaqin kompaniya vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Mirziyoyevning aytishicha, 2026 yilning birinchi choragida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga oshgan.
O‘zbekiston rahbari Moskvaga kelishidan maqsad nabiralari, farzandlari va yosh avlodga ularning bobolari qahramon bo‘lganini ko‘rsatish ekanini aytgan. Uning fikricha, har bir xalq o‘z tarixini unutmasligi kerak.
Putin esa Toshkentda tashkil etilgan G‘alaba muzeyi va parkini yuqori baholab, u nafaqat o‘sha davr ruhini, balki O‘zbekiston rahbariyatining tarixga munosabatini ham aks ettirishini ta’kidlagan.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Victory Park bugun O‘zbekistondagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan maskanlardan biriga aylangan. U yerga yoshlar, talabalar, o‘quvchilar va turli hududlardan kelgan odamlar muntazam boradi.
Prezidentning ta’kidlashicha, bu park xalqning istagi bilan barpo etilgan va har bir millat uchun o‘z ajdodlarini hurmat qilish hamda ularga munosib bo‘lish sharaf masalasi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba paradi taxminan 45 daqiqa davom etgani va zamonaviy tarixdagi eng qisqa paradlardan biriga aylangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi