Putin mart oyigacha Donbassni to‘liq bosib oladi – Ukraina razvedkasi

Olam

image

Ukraina sharqidagi janglar kelasi bir necha oy ichida yuqori darajada faollashadi. Harakatlar ko‘lamining kengayishi natijasida esa rus armiyasi mart oyigacha Donbassdan ukraina harbiy bo‘linmalarini to‘liq siqib chiqarishi mumkin. Bu haqda bugun, 3 fevral kuni Ukraina Mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ma’lum qildi.

“Biz fevral-mart oylarida juda faol harakatlar bo‘lishini taxmin qilyapmiz. Putinning ayni damdagi maqsadi Donbassni martgacha qo‘lga kiritishdir. Rus qo‘shinlarining holati bunga imkon beradi”, deb yozadi Andrey Yusov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasining boshqa bir vakili Andrey Chernyak ham avvalroq Rossiya mamlakatning sharqiy hududlarini to‘la egallashga qaratilgan katta hujumga tayyorlanayotgani alomatlari borligini ma’lum qilgan edi. U shuningdek, sharqiy Ukrainada o‘rnashgan rus armiyasi o‘z salohiyatini to‘la namoyon qilmayotgani borasidagi fikrlarini ham bildirib o‘tgan edi.

“Biz Rossiya hujumkor kuchlari sharqqa qo‘shimcha guruhlar, bo‘linmalar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani qayta joylashtirayotganini kuzatmoqdamiz. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Putin mart oyigacha Donetsk va Lugansk viloyatlari hududlarini to‘liq qo‘lga kiritishni buyurgan”, deydi Chernyak “Kiyev Post” nashriga bergan intervyusida.

Aytib o‘tish kerakki, Ukraina tomonidan Rossiyaning bosqinchilik rejalari vaqti va yo‘nalishi borasida shu paytga qadar ham bir qancha taxminlar qilingan. Ammo ular har doim ham o‘zini oqlamagan. Razvedka boshqarmasi vakillari tomonidan bildirilgan ushbu bayonotni esa Ukrainaga qurol berishni kechiktirayotgan g‘arb davlatlari qo‘shimcha ta’minot olish uchun bahona sifatida ko‘rmoqda. Rossiyaning sharqiy frontda ustunlikka erishayotgani borasidagi hozirgi mulohazalar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukrainaning yuqori martabali amaldorlari Rossiya yaqin oylarda hujumkor yangi harakatlar boshlashni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirib, G‘arb ittifoqchilaridan ko‘proq qurol, tank va qiruvchi samolyotlar so‘ragan paytda yangragan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 fevral kuni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov Rossiya yaqin bir necha hafta ichida Ukrainadagi urushni “maksimal darajada kuchaytirish”ga tayyorlanayotgani haqida ma’lum qilgandi. U, shuningdek, yangi hujum nafaqat quruqlikdan, balki dengiz va havodan ham tashkil etilishi borasida dalillari bor ekanini aytib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing