Putin “kulrang kardinal”ni Aliyevga sotgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sobiq rahbari Ramiz Mehdiyev davlatga xiyonat va yana bir qator ayblovlar bilan hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Ma’lum bo‘lishicha, Mehdiyevning davlat to‘ntarishi rejasi joriy yilning 9 oktyabr kuni Dushanbedagi sammitda Rossiya tomonidan fosh etilgan. Bu haqda Ozarbayjonning “Axar” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Aliyev va Putin Dushanbeda uchrashganidan so‘ng, Baku va Moskva o‘rtasidagi muammolar bartaraf etilgan bir paytda, Rossiyaga aloqador bo‘lgan Ramiz Mehdiyevning hibsga olinishi ko‘plab savollarni tug‘dirgan. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni Dushanbeda Mehdiyevning davlat to‘ntarishi rejalari haqida Ozarbayjonni ogohlantirgan. Aliyev va Putinning uchrashuvidan so‘ng Mehdiyevning hibsga olinishi bu xabarning haqiqatga yaqinligini ko‘rsatadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, “kulrang kardinal” laqabi bilan tanilgan 87 yoshli Mehdiyev so‘nggi bir yil davomida Rossiyaning ko‘magida Ozarbayjonda Aliyev hokimiyatini ag‘darish ustida ishlagan va bu rejani Kremlga taklif etgan.

Aytilishicha, AZAL samolyotining urib tushirilishi ortidan yuzaga kelgan Baku–Moskva inqirozini Mehdiyev o‘z maqsadi yo‘lida “imkoniyat” sifatida ko‘rgan. U Rossiyaga davlat to‘ntarishi rejasini taqdim etib, qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan. Rejaga ko‘ra, hokimiyatni egallaganidan so‘ng, Mehdiyev rahbarligida “Davlat kengashi” tuzilishi lozim bo‘lgan, hattoki bu kengash tarkibi haqidagi ma’lumotlar ham Rossiyaga yetkazilgan. Ammo Rossiya bu rejani Ozarbayjonga oshkor qilib, Mehdiyevni fosh etgan va Putin Mehdiyevning rejasiga rozi bo‘lmagan. Chunki Rossiyada Ozarbayjon bo‘yicha ikki yo‘nalish – biri qattiq siyosat tarafdorlari, ikkinchisi esa Kremlga yaqin yumshoq pozitsiyadagi guruh mavjud. Putin yakuniy qarorni o‘zi qabul qilib, Dushanbeda Aliyevni xabardor qilgan va munosabatlarni yaxshilashga intilayotganini ko‘rsatgan. Rossiya istiqbolsiz to‘ntarish rejasidan siyosiy foyda sifatida foydalanib, Mehdiyevni qurbon qilgan.

Ramiz Mehdiyev Rossiyaga yaqinligini har doim oshkora namoyon etgan. U hatto sovet davridayoq Moskvaning agentura tarmog‘iga mansub shaxs sifatida tanilgan. Mulozim yillar davomida o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, Ozarbayjon hukumatida Rossiyaning “do‘stlari” bo‘lgan mansabdorlarni lavozimlarga tayinlashda ishtirok etgan.

Ikkinchi Qorabog‘ urushi arafasida esa Ozarbayjonda rusparast amaldorlar lavozimlaridan chetlatilgan, ular orasida Ramiz Mehdiyev ham bor edi. Shundan so‘ng, u Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti etib saylanadi. Biroq u yerda ham intrigalardan voz kechmay, OMFAni siyosiy vositaga aylantiradi. Natijada deyarli barcha institutlar uning iste’fosini talab qiladi. 2022 yil 14 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda u yoshi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra lavozimidan ketishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Putin Aliev Ramiz Mehdiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing