Putin Kimga Tramp bilan uchrashuvi oldidan ma’lumot berdi
Olam
−
12 avgust 8465 2 daqiqa
Bugun, 12 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) yetakchisi Kim Chen In bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putin koreyalik mavqedoshini 15 avgust kuni nishonlanadigan “Koreyaning yapon mustamlakasidan ozod etilganining 80 yilligi” milliy bayrami bilan samimiy tabriklagan. Kim Chen In esa KXDR bu bayramni umumiy bayram deb hisoblashini, bosqinchilarga qarshi kurashda Qizil Armiya tutgan o‘rinni yodda saqlashini ta’kidlagan.
Har ikki tomon 2024 yilning 19 iyunida Pxenyanda imzolangan Rossiya va KXDR o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma doirasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
Vladimir Putin Kursk viloyati hududini Kiyev rejimining bostirib kirgan kuchlaridan ozod qilish jarayonida KXDR tomonidan ko‘rsatilgan yordamni, shu jarayonda KXDR askarlari namoyon etgan jasorat, qahramonlik va fidoyilikni yuqori baholagan.
Rossiya Prezidenti, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan kelgusi muzokaralar oldidan Kim Chen In bilan ma’lumot almashgan.
Vladimir Putin va Kim Chen In kelgusida shaxsiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 19 iyunida Vladimir Putin Pxenyanga qilgan tashrifi chog‘ida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Ushbu bitimga ko‘ra, har ikki davlat boshqa davlat tomonidan qurolli hujumga uchragan taqdirda bir-biriga harbiy va boshqa shakllarda yordam ko‘rsatishga majbur.
2024 yilning kuzida KXDR harbiylari Rossiyaning Kursk viloyatiga yuborilgan va u yerda Ukraina armiyasiga qarshi jang qilgan. Dastlab Rossiya hukumati bu holatni inkor etgan bo‘lsa-da, 2025 yilning aprelida Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va shaxsan Prezident Vladimir Putin bu ishtirokni tasdiqladi. Pxenyanda esa bu operatsiya “g‘alabali yakunlangan” deb e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Rossiya tomonida jang qilayotgan o‘z qo‘shinlari sonini uch baravar oshirishga tayyorligi haqida xabar berilgandi. Razvedka hisob-kitoblariga ko‘ra, Pxenyan Moskvaga yordam berish uchun qo‘shimcha 25-30 ming askar yuborishi mumkin.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr