Putin Qozog‘istonda: uning korteji qattiq qo‘riqlanmoqda (video)
Olam
−
17:19 2835 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi chog‘ida uning Ostonadagi kortejiga tomida pulemyotchi uchun joy bo‘lgan zirhli avtomobil, radioelektron kurash (REK) tizimi o‘rnatilgan mashina va vertolyot hamrohlik qildi. Videoyozuvlarni o‘rganib, tahlilchilar bilan suhbatlashgan “Agentstvo” nashri shunday xulosaga keldi.
OSINT tahlilchisi Kirill Mixaylovga ko‘ra, Putin Ostonadagi Mustaqillik saroyiga yo‘l olgan paytda uning limuzinini 14 ta mototsikl va yigirmaga yaqin avtomobil qurshab borgan. Kortejning oxiridan harbiy mashina – katta ehtimol bilan tomida pulemyotchi uchun pozitsiyasi bo‘lgan “Alan” zirhli avtomobili ham kuzatib yurgan.
Shuningdek, “Conflict Intelligence Team” (CIT) tashkiloti ham ushbu mashina “pulemyoti yechib olingan, yarim yopiq pulemyot tureliga (aylanuvchi qurilmasiga) ega oddiy zirhli avtomobil”ga o‘xshashini qayd etgan. Mixaylovning baholashicha, kortejdagi boshqa bir avtomobilning tomida esa radioelektron kurash tizimi bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurilma o‘rnatilgan. CIT’ning ismi oshkor qilinmagan vakilining fikricha, ushbu konstruksiya ham radioelektron xalaqit berish vositasi, ham qandaydir aloqa qurilmasi bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Putin kortejining harakatlanish yo‘nalishiga olib chiquvchi yo‘llarni to‘sib turgan zirhli mashinalardan tashqari Prezident avtomobillari o‘tadigan yo‘l bo‘ylab avtomatlar bilan qurollangan, kamuflyaj kiyimidagi harbiylar ham joylashtirilgan.
Bundan oldin Qozog‘iston Davlat qo‘riqlash xizmati Rossiya Prezidentining tashrifi davomida Ostonada transport harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi haqida xabar bergan. Maxsus rejim doirasida “maxsus davlat, huquqni muhofaza qilish organlari va qurolli kuchlar resurslari, jumladan, harbiy aviatsiya va texnikalar”dan foydalanilishi aytib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Putin Qozog‘istonga kecha, 27 may kuni uchib kelgandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashuv va V Yevroosiyo iqtisodiy forumidagi ishtirokni o‘z ichiga olgan ushbu tashrif 29 mayga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyining boshida “Financial Times” manbalari Federal qo‘riqlash xizmati so‘nggi oylarda Putin atrofidagi xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirganini xabar qilgan edi. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, suiqasd urinishi yoki davlat to‘ntarishi sodir bo‘lishidan xavsirash kuchaygani sababli, Rossiya Prezidenti so‘nggi paytlarda vaqtini ko‘proq yer osti bunkerlarida o‘tkaza boshlagan.