Putin: Il-76 samolyoti Amerikaning Patriot raketasi bilan urib tushirilgan
Olam
−
01 fevral
8755Ukrainalik asirlarni olib ketayotgan Il-76 samolyoti AQSHning Patriot zenit-raketa majmuasi yordamida urib tushirilgan. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
"Ekspertiza natijalariga ko‘ra, samolyot Amerikaning Patriot tizimi tomonidan urib tushirilgan", deydi Putin. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya sodir bo‘lgan voqea yuzasidan xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qiladi.
Rossiya yetakchisi, shuningdek, Kiyev Il-76 samolyotini adashib urib tushirganini tan oldi, biroq bu jinoyatni oqlamasligini ham bildirgan.
"Ukraina Qurolli kuchlari samolyot bilan birga o‘zining 65 nafar harbiy xizmatchisini ham yo‘qotdi", degan u.
Bundan tashqari, Putin yuz bergan voqealarga qaramay, asirlar almashinuvi davom etishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni ertalab Belgorod viloyatida halokatga uchradi. Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, bortda Belgorodga almashish uchun olib ketilayotgan 65 nafar ukrainalik harbiy asir, shuningdek, olti ekipaj a’zosi va uch nafar hamroh bo‘lgan. Ularning barchasi, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, vafot etgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Il-76 halokatini terakt deb atadi va bunda Ukraina harbiylarini aybladi. Ukraina hukumati halokat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ukraina harbiy razvedkasi 24 yanvar kuni Moskva va Kiyev asirlarni almashishga tayyorlanayotganini tasdiqladi va Ukraina tomonida Il-76 bortida kim bo‘lgani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Shundan so‘ng, Vladimir Zelenskiy samolyot halokati bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilgandi.
Bundan oldin ham Putin samolyot Amerika yoki Yevropa mamlakatlariga tegishli qurollar yordamida urib tushirilganini taxmin qilgandi.