Putin Eron Prezidentini Rossiyaga taklif qildi
Olam
−
19 avgust
3906Rossiya Prezidenti Vladimir Putin eronlik mavqedoshi Mas’ud Pezeshkiyonni kuzda Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Mehr” agentligi xabar berdi.
“Biz janob Putindan janob Pezeshkiyonga bo‘lajak BRICS sammitiga taklif oldik”, degan Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani.
Kanani Eron Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida keng qamrovli kelishuv loyihasi ustida ish yakunlanganini ma’lum qilgan. Ikki davlat uzoq vaqt davomida texnik va huquqiy uchrashuvlar orqali ushbu kelishuvni muhokama qilayotgandi.
“Hujjat loyihasi muhokama qilindi va uni imzolash bo‘yicha umumiy siyosiy iroda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va konstruktiv munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu hujjatning yakuniy imzolanishi belgilangan huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshiriladi. 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ikki tomon rasmiylari o‘rtasida fikr almashish imkoniyati paydo bo‘ladi va kelajakda keng qamrovli uzoq muddatli shartnoma imzolanishi mumkin”, dedi Kanani.
Eslatib o‘tamiz, 5 avgust kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu rejalashtirilgan ish safari bilan Eronga borgan, Prezident Mas’ud Pezeshkiyon qabulida bo‘lgan va ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr