Putin Erdo‘g‘anni tabrikladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya davlatining amaldagi rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichidagi muvaffaqiyati bilan tabrikladi. Bu haqda kecha, 28 may kuni Kreml Matbuot xizmati xabar berdi.

“Aziz do‘stim, Prezidentlikka qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling. Saylovdagi g‘alaba Turkiya Respublikasi rahbari sifatidagi fidokorona mehnatingizning tabiiy natijasi, davlat suverenitetini mustahkamlash va mustaqil tashqi siyosat yuritish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni turk xalqi qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin dalili bo‘ldi. Biz sizning do‘stona Rossiya-Turkiya munosabatlarini, turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Putin ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlagan.

“Biz rejalashtirilgan qo‘shma loyihalarni, birinchi navbatda, Oqquyu atom elektr stansiyasini qurish va Turkiyada gaz xabini tashkil etishni izchil amalga oshirishga katta ahamiyat beramiz”, degan Putin.

Rossiya Prezidenti turkiyalik mavqedoshiga mana shunday mas’uliyatli faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘lik va farovonlik tilagan.

Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘anning raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li saylovoldi kampaniyasi davomida Turkiyada gaz xabi loyihasining amalga oshirilishi mamlakatning Rossiyaga energetik qaramligini hozirgi 30-40 foizdan 70-80 foizga oshirishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Putin prezidentlik saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing