Putin dunyoni yangi xavfdan ogohlantirdi

Olam

image

G‘arb kiritayotgan sanksiyalar nafaqat Rossiya, balki butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Endi dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidladi.

“Ular (G‘arb davlatlari) Rossiyaga qarshi iqtisodiy, moliyaviy, savdo va boshqa sanksiyalarni qurol sifatida tanladi, lekin bu bilan yevropaliklar va amerikaliklarning o‘zlariga zarba bermoqda. Bu yerda, ular aytganidek, hamma narsada mamlakatimizni ayblab, kasal boshdan sog‘lom boshga o‘tishning hojati yo‘q. G‘arb sanksiyalari butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi, endi dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi”, deydi Rossiya rahbari.

Vladimir Putin G‘arb kiritgan sanksiyalarni Rossiya Federatsiyasi milliy biznesi uchun saboq deb atadi. Unga ko‘ra, eng ishonchli narsa xorijga emas, o‘zining mamlakatiga kiritilgan sarmoyadir.

“Rossiya G‘arb davlatlaridan farqli o‘laroq mulk huquqini hurmat qiladi. Shunday ekan mamlakatingizga sarmoya kiritishdan ishonchliroq narsa yo‘q”, deydi u.

Rossiya rahbariga ko‘ra, G‘arbning Rossiya va uning fuqarolariga qarshi sanksiya siyosati tajovuzkorlikning barcha belgilarini o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, G‘arb mamlakatlari Ukrainada boshlangan urushga javoban Rossiyani har tomondan siquvga olib, og‘ir sanksiyalarni qo‘llay boshladi. Rubl kursi quladi, Rossiya banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. Markaziy bankning xorijdagi oltin-valyuta zaxiralari bloklandi. Millarderlarning ham chet eldagi ko‘plab hisoblari muzlatildi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Bunday sanksiyalarga Rossiya ham jim qarab turmayapti. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi kecha, 15 mart kuni AQSHga qarshi javob sanksiyalarni e’lon qildi. Moskva “qora ro‘yxat”ga AQSH Prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibi Entoni Blinken, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, AQSH Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden va boshqalarni kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

5318

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing