Putin DXR va LXRga qo‘shin kiritishga ruxsat oldi
Olam
−
23 fevral 2022 14260 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya kengashi Prezident Vladimir Putinga Donbassda mamlakat qurolli kuchlaridan foydalanishga ruxsat berishga qaror qildi. Bunday qaror senatorlar tomonidan kecha, 22 fevral kuni qabul qilindi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Federatsiya Kengashiga mamlakat qurolli kuchlarini o‘z chegaralaridan tashqarida, xususan, Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida qo‘llash bo‘yicha so‘rov yuborgan edi. Armiyadan Rossiya tashqarisida foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror Federatsiya Kengashi a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan.
Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenkoga ko‘ra, gap tinch aholini o‘qqa tutishga yo‘l qo‘ymaydigan tinchlikparvar kuchlar haqida ketayotgan emish.
Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Nikolay Pankovning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon Donbassni 100 ming kishi tark etgan, ulardan 30 ming nafari bolalar.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, Vashington Rossiyaning o‘ziga ham sanksiya kiritdi. Cheklovlar davlat suveren qarzi va banklariga taalluqli bo‘ldi.
Live
Barchasi