Putin DXR va LXR mustaqilligini tan oldi

Olam

image

Kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Jarayon jonli efirga uzatildi.

Farmonni imzolash marosimida LXR va DXR rahbarlari ham ishtirok etdi.

“Men uzoq vaqtdan buyon kechiktirilgan qarorni qabul qilishni zarur deb hisoblayman – Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasining mustaqilligi va suvereniteti zudlik bilan tan olinadi”, degan Putin telemurojaati chog‘ida.

Putin Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisidan ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlashni, keyin esa har ikki respublika bilan do‘stlik va o‘zaro yordam shartnomalarini ratifikatsiya qilishni so‘ragan. Bu ikki hujjat yaqin kunlarda tayyorlanishi va imzolanishini qo‘shimcha qilgan RF Prezidenti.

Putin Rossiya Ukrainaning hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun hamma narsani qilganini ta’kidladi. 

“Bu yillar davomida (Rossiya) Donbassdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha 2015 yil 12 fevraldagi Minsk chora-tadbirlar paketini mustahkamlagan BMT Xavfsizlik Kengashining 2015 yil 17 fevraldagi 2202-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish uchun qat’iy va sabr-toqat bilan kurashdi. Hammasi behuda”, degan Putin.

RF rahbari so‘zida davom etib, Ukrainaning amaldagi hukumatini hokimiyatni egallab olganlar deb atab, ular Donbass masalasida harbiy yo‘ldan boshqa yechimni tan olmasligini ta’kidlagan.

“Prezidentlar va Rada deputatlari o‘zgarmoqda, lekin Kiyevda hokimiyatni qo‘lga kiritgan rejimning o‘z mohiyati, tajovuzkor millatchilik xarakteri o‘zgarmayapti. U to‘liq va butunlay 2014 yilgi davlat to‘ntarishining mahsulidir. Zo‘ravonlik, qon to‘kish, qonunsizlik yo‘liga o‘tganlar Donbass muammosining harbiy yo‘ldan boshqa yechimini tan olmadilar va tan olmaydilar”, degan Putin.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevdagi hukmron elita doimiy ravishda nizoni hal qilish bo‘yicha Minsk chora-tadbirlar paketini amalga oshirishni xohlamasligini aytib keladi va ular vaziyat tinch yo‘l bilan hal qilinishidan manfaatdor emas.

“Aksincha, (u) 2014-2015 yillarda sodir bo‘lganidek, Donbassda yana blitskrig uyushtirishga harakat qilmoqda. O‘shanda bu urinishlar qanday tugaganini eslaymiz”, degan Putin.

Uning ta’kidlashicha, hozir Donbassda biror kun yo‘qki aholi punktlari o‘qqa tutilmasin, hujumkor dronlar, og‘ir texnikalar, raketalar, artilleriya qo‘llanilmoqda.

“Tinch aholini o‘ldirish, qamal qilish, odamlarni, jumladan bolalar, ayollar, qariyalarni tahqirlash to‘xtamayapti. Aytganimizdek, buning oxiri ko‘rinmaydi. Va bizning sivilizatsiyalashgan dunyo deb ataladigan G‘arblik hamkasblar buni ko‘rmaslikni afzal bilyapti. Go‘yo bu dahshat, qariyb 4 million kishi duchor bo‘layotgan genotsid mavjud emas”, degan Putin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

376

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing