Putin BRICS sammitiga bormaydigan bo‘ldi
Olam
−
19 iyul 2023
7520Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avgust oyida Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitiga bormaydi. Rossiya delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladi. Bu haqda bugun, 19 iyul kuni Janubiy Afrika Prezidenti saytida ma’lum qilindi.
“O‘zaro kelishuvga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin sammitda qatnashmaydi, lekin Rossiya Federatsiyasi tomonidan Tashqi ishlar vaziri janob Sergey Lavrov ishtirok etadi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Aytish joizki, bu Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud tomonidan Putinni hibsga olishga order berilganligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Rasmiy Moskva hozircha bunga munosabat bildirgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Shundan so‘ng, XJSga a’zo bo‘lgan Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinni joriy yilning avgust oyida Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirdi va Kremlni Putinni videoaloqa orqali sammitda ishtirok etishga ko‘ndirishga urindi. Keyinchalik Janubiy Afrika BRICS sammitida Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rniga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashishini iltimos qildi. Biroq Moskva buni rad etgandi.