Putin BRICS sammitida qatnashish yo‘lini topdi
Olam
−
19 iyul 2023
17881Rossiya Prezidenti Vladimir Putin BRICS sammitida videokonferensaloqa formatida ishtirok etishga qaror qildi. Bu haqda bugun, 19 iyul kuni Putinning voizi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Prezident Putin videoformat bo‘lishiga qaramasdan, sammitda to‘liq qatnashadi.
Shuningdek, Peskov sammitda Lavrov shaxsan Rossiya vakili bo‘lishini tasdiqlagan.
Aytish joizki, mazkur qaror Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud tomonidan Putinni hibsga olishga order berilganligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 22-24 avgust kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahrida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani o‘z ichiga olgan BRICS tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tadi. Mazkur sammit COVID-19 pandemiyasidan beri tashkilot yetakchilarining birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Shundan so‘ng, XJSga a’zo bo‘lgan Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinni joriy yilning avgust oyida Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirdi va Kremlni Putinni videoaloqa orqali sammitda ishtirok etishga ko‘ndirishga urindi. Keyinchalik Janubiy Afrika BRICS sammitida Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rniga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashishini iltimos qildi. Biroq Moskva buni rad etgandi. Bugun, 19 iyul kuni esa Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosaning saytida Putin BRICS sammitida qatnashish uchun Janubiy Afrikaga bormasligi, uning o‘rniga TIV rahbari Sergey Lavrov Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilishi ma’lum qilindi.