Putin Bishkekka keldi
Olam
−
09 dekabr 2022
10901Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bugun, 9 dekabr kuni Qirg‘izistonga keldi. Bugun Bishkekda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tadi.
Rahbarlar umumiy gaz bozorini shakllantirish va energetika sohasida idoralararo kengash tuzish, YeOII makonida integratsiyani yanada chuqurlashtirish, xizmatlarning yagona bozorini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, sammitda hujjatlarning butun to‘plami va Ittifoqning 2023 yilga mo‘ljallangan xalqaro faoliyatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlanadi.
Putin umumiy yig‘ilishdan tashqari sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazishi mumkin. Xususan, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ikki tomonlama muloqot rejalashtirilgan.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bo‘lajak yig‘ilishi joriy yilda ikkinchisi bo‘ladi. Avvalgi yig‘ilish Qirg‘iziston raisligida 27 may kuni videoaloqa orqali o‘tkazilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga 9 dekabrga rejalashtirilgan tashrifi qoldirildi. YeOII sammitida O‘zbekiston nomidan Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etadi. Mamlakat YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega.
LiveBarchasi