Putin bilan uchrashmoqchi bo‘layotgan Bayden Rossiyaga qarshi hujjat imzoladi
Olam
−
15 aprel 2021
14546AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 15 aprel kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy Matbuot xizmati xabar berdi.
AQSH Moliya vazirligi esa kimga qarshi cheklovlar qo‘yilganiga oydinlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bilan aloqador deb taxmin qilingan 16 ta tashkilot va 16 nafar shaxsga qarshi sanksiyalar joriy qilingan.
Allaqachon, AQSHning “qora ro‘yxat”iga tushgan Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Gromovga ham sanksiya qo‘llanilgan.
Shuningdek, Kerchen ko‘prigi (Rossiya bilan Qrim yarimorolini bog‘lab turuvchi ko‘prik – tahr.) qurilishining bir qator ishtirokchilari va Qrimdagi ba’zi rasmiylarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, AQSH Rossiyaning Vashingtondagi diplomatik vakolatxonasining 10 nafar xodimini mamlakatdan chiqarib yubormoqda.
Shu bilan birgalikda, Qo‘shma Shtatlar o‘z kompaniyalariga Rossiya Markaziy banki, Milliy farovonlik jamg‘armasi hamda Rossiya Moliya vazirligi tomonidan chiqarilgan qarzdorlik qimmatli qog‘ozlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olishni taqiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden 13 aprel kuni Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, unga uchinchi davlatda oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgandi.
Shu vaqtgacha, Finlyandiya, Avstriya, Islandiya va Chexiya davlatlari Bayden va Putin o‘rtasidagi uchrashuv uchun mezbonlik qilishni taklif qildi.
LiveBarchasi